Akademik litseylarga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul 10-iyundan boshlanadi. Abituriyentlar my.edu.uz hamda litsey.uzbmb.uz orqali 10-iyulgacha hujjat topshirishlari mumkin.
10-iyun sanasidan boshlab 2026/2027-oʻquv yili uchun akademik litseylarga my.edu.uz portali orqali hujjatlarni qabul qilish boshlanadi. Qabul 10-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseylari uchun hujjatlar litsey.uzbmb.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Abituriyentlar roʻyxatdan oʻtish jarayonida tizimga ID karta yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma ma’lumotlarini kiritishlari va quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, JPEG) yuklashlari lozim:
– 3,5×4,5 cm oʻlchamdagi 1 ta rangli fotosurat;
– O‘qishga imtiyozli kirish huquqini beruvchi hujjatlar — fan olimpiadasi gʻolibi ekanligini tasdiqlovchi diplom, chet tili va umumtaʼlim fanlarni bilish darajasi toʻgʻrisidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (mavjud boʻlsa).
Abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda:
– oʻzlari tanlagan uchtagacha akademik litseyning bittadan mos yoʻnalishini tanlashi (bunda taʼlim tili bir xil boʻlishi kerak);
– qaysi chet tilidan kirish test sinovini topshirishini belgilaydi.
Abituriyent oʻzi tanlagan hududda tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi.
Avvalroq, Oliy ta’lim tashkilotlari huzuridagi akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotalari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
