Kimyo o‘qituvchilarining e’tirozlariga tegishli tashkilot izoh berdi

Kimyo o‘qituvchilarining e’tirozlariga tegishli tashkilot izoh berdi

Xabaringiz bor, 2026-yil 7-aprel kuni kimyo fani o‘qituvchilari uchun malaka toifa sinovlari bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur toifa sinov jarayonlari yuzasidan ayrim pedagoglar norozilik bildirishgan.

 

Shu munosabat bilan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan markazining rasmiy telegram kanalida ovozli muloqot tashkil etildi.

 

Ovozli muloqot davomida pedagoglar tomonidan test savollari murakkabligi, ayrim topshiriqlarning darslik mavzularidan tashqarida ekanligi, texnik nosozliklar va vaqt yetishmovchiligi kabi masalalarni ko‘tarildi.

 

Ushbu masalalar yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan quyidagilar ma’lum qilindi.

 

Markaz mutaxassislarining ta’kidlashicha, attestatsiyaga oid o‘quv adabiyotlari va sinov materiallari spetsifikatsiyasi oldindan, ya’ni dekabr oyida e’lon qilingan bo‘lib, unda barcha talab va mezonlar aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Spetsifikatsiya xalqaro mezonlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda kognitiv darajalar ham belgilanganligi ta’kidlandi. Ushbu darajalarga muvofiq 5 ta savol mulohaza savollari sifatida berilib, pedagoglardan o‘z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib tanqidiy yondashuv, kreativ fikrlash hamda fanlararo integratsiyani hisobga olish talab etilganligi ma’lum qilindi.

 

Bu savollar faqat yodlashga emas, balki notanish vaziyatlarda qo‘llash va kasbiy fikrlashga asoslangan topshiriqlar ekanligi ham ta’kidlandi.

 

Shuningdek, Parpievning kitobi qo‘shimcha adabiyot sifatida tavsiya etilganligi aytildi. Vaqt me’yorlari ikki marotaba sinovdan o‘tkazilganligi ma’lum qilindi.

 

Ayrim mavzular, jumladan, eritmalar bilan bog‘liq savollar avval ham mavjud bo‘lib, yangi mavzu hisoblanmasligi ta’kidlandi. Savollarni yechish jarayonini yengillashtirish maqsadida qo‘shimcha materiallar (formulalar, molyar massalar) ham taqdim etilganligi ma’lum qilindi.

 

Texnik masalalar, jumladan kalkulyator bilan bog‘liq muammolar yuzasidan esa aniq yakuniy izoh berilmadi, shuningdek, natijalaridan norozi pedagoglar tomonidan attestatsiyani qayta tashkil etish haqidagi savol ham ochiqligicha qoldi.

 

Elektr uzilishi yoki texnik nosozliklar yuzaga kelgan holatlarda esa vaqtni to‘xtatish amaliyoti qo‘llangani qayd etildi.

 

Bundan tashqari, testlar bir nechta ekspertlar ishtirokida ko‘rib chiqilgandan so‘ng maqsadga muvofiq deb topilgan hamda attestatsiya jarayoni talablariga mos ravishda tasdiqlanganligi ma’lum qilindi.

 

Ushbu imtihonlar doirasida quyidagilardan boshqa yana qo‘shimcha savollaringiz bo‘lsa, ushbu bot orqali yuborishingiz mumkin: @talimxabarlariga_bot

 

Eslatib o‘tamiz: 2025-yil 8-may kuni o‘tkazilgan tarix fani o‘qituvchilari attestatsiyasi O‘zbekiston ta’lim tizimida so‘nggi yillardagi eng keskin bahs-munozaralardan birini keltirib chiqargan edi. Ushbu attestatsiya sinovlarida katta bahslarga sabab bo‘lgan tarix fani o‘qituvchilariga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qarori bilan ball qo‘shib berilgan edi.