2026-yil 8-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy tibbiyot institutida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida”gi Nizom qabul qilindi.
Adliya vazirligi joriy yil 8-aprel kuni mazkur hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3808).
Nizomga ko‘ra, Harbiy tibbiyot institutida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, institutning magistratura va klinik ordinaturasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish tartibi belgilandi. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlab chiqarishdan ajralgan holda hamda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda amalga oshiriladi.
Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv reja va oʻquv dasturlari asosida tayyorlanadi. Kurslar Institut bilan kelishilgan holda buyurtmachi tomonidan tuziladigan taqsimot-rejalarga asosan tashkil etiladi.
Izoh: tinglovchi — bu tegishli to‘lovni amalga oshirgan va o‘quv kurslariga qabul qilingan jismoniy shaxs.
To‘lov asosida o‘qitish: qanday tizimga asoslanadi?
Tinglovchilar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida Institut bilan shartnomaga muvofiq toʻlov asosida oʻqitiladi. Sinov imtihonlari oraliq va yakuniy nazorat turlaridan iborat boʻlib, test shaklida oʻtkaziladi.
Institutda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga quyidagilar jalb qilinadi:
- oliy, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining tibbiyot yo‘nalishini tamomlagan va tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar;
- davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari;
- davolash-profilaktika muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idoralar va boshqa
- tashkilotlarning xodimlari;
- xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlari;
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordam ko‘rsatishi shart hisoblangan ichki ishlar
- organlari, yong‘indan saqlash, avariya xizmatlari, transport tashkilotlari xodimlari;
- notibbiy ma’lumotga ega, lekin tibbiy yordam ko‘rsatish vazifalarini bajarish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar hamda boshqa kasb vakillari.
Imtihon va ballar tizimi
Tinglovchilarning oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida baholanadi. Bunda:
- oraliq nazorat — 20 ta test savollaridan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri javob uchun 1,5 ball va jami toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 30 ballni tashkil etadi;
- yakuniy nazorat — 35 ta test savollaridan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri javob uchun 2 ball va jami toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 70 ballni tashkil etadi.
Tinglovchining oraliq va yakuniy nazorat turlarida toʻplagan natijalari umumlashtiriladi. Agar umumiy to‘plangan ball 56 va undan yuqori bo‘lsa, u qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursini tugatgan deb hisoblanib, sertifikat taqdim etiladi.
Sinov imtihonlarining natijalari boʻyicha tinglovchi 56 balldan kam toʻplagan hollarda u qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursidan oʻtmagan deb hisoblanadi.
Sinov imtihonidan 56 balldan kam toʻplagan tinglovchilarga ularning natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi.
Bunda tinglovchidan sinov imtihonini qayta topshirish uchun toʻlov undirilmaydi. Sinov imtihonini qayta topshirib, yana 56 balldan kam toʻplagan tinglovchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursini shartnoma asosida qayta oʻqish huquqiga ega.
