Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlarga zaxiradagi leytenant unvoni beriladi

Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlarga zaxiradagi leytenant unvoni beriladi

Endi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar masofaviy ta’limda o‘qishlari, xizmatni na’munali o‘tagan taqdrida test sinovlarisiz oʻqishga kirishlari mumkin. Shuningdek, askarlar uchun davlat namunasidagi maxsus sertifikat joriy etilishi belgilanmoqda. 

 

6-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Yig‘ilishda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga oʻrgatish va sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

 

2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

 

Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga oʻqishga kirib, masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladi. Bu jarayonda askarlar uchun taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

 

Shu bilan birga, namunali xizmat oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi oʻrinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

 

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik oʻquv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

 

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

 

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qoʻshib beriladi.

 

Har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkaziladi.

 

Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining gʻolibi boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻzaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan ragʻbatlantiriladi.

 

Shuningdek, joriy yilning 13-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi.

 

Harbiylar ta’limda qanday imtiyozlarga ega, degan savolga quyidagi maqola orqali javob olishingiz mumkin.