Zamonaviy ta’lim jarayonida bolalarning nafaqat bilim, balki emotsional intellekti va ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, do‘stlik, empatiya, o‘z his-tuyg‘ularini anglash va boshqarish kabi fazilatlar bolalarning shaxs sifatida shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan e’lon qilingan tavsiyaviy materialda bolalarda ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam beradigan samarali o‘yin va faoliyat turlari keltiriladi.
Emotsiyalarni topish
Emotsiyalarni topish mashg‘uloti – bolalarga o‘z his-tuyg‘ularini anglashni o‘rgatadi. Bu jarayonda har bir bola turli emotsiyalar (masalan, quvonch, g’azab, qo’rquv) tasvirlangan kartani tanlab, uni so‘zsiz ifodalaydi. Qolgan bolalar esa ushbu emotsiyani topishga harakat qiladi.
Foydasi: Bolalar o‘z his-tuyg’ularini tanib olishadi va boshqalarning his-tuyg’ularini tushunishadi.
Emotsiyalarni moslashtirish
Emotsiyalarni moslashtirish mashg‘ulotida bolalarga turli yuz ifodalari aks etgan kartalar beriladi. Bolalar bu kartalarni mos ravishda bir-biriga bog‘lashadi.
Foydasi: Bolalar emotsional xotira va tanib olish ko’nikmalarini rivojlantiradi.
His-tuyg‘ularni rasmda ifodalash
Bolalarga turli his-tuyg’ularni ifodalovchi rasm chizish topshiriladi. Keyinchalik rasmlar muhokama qilinib, har bir bola o‘z his-tuyg‘ularini izohlaydi.
Chizilgan rasmlar muhokama qilinadi, har bir bola o’z his-tuyg‘ularini tushuntiradi.
Foydasi: Bolalar o‘z his-tuyg‘ularini ifodalash va boshqalarga tushuntirish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Diqqatni jamlash
Diqqatni jamlash mashqlari (masalan, chuqur nafas olish) bolalarda ichki xotirjamlikni rivojlantirishga yordam beradi. Ushbu mashqlar orqali bolalar o‘z nafasini kuzatib, diqqatni jamlashni o‘rganadi.
Foydasi: Bolalar stressni kamaytirish va o’z his-tuyg’ularini boshqarish ko’nikmalarini rivojlantiradi.
Empatiya mashqlari
Empatiya mashqlari davomida bolalarga turli hayotiy vaziyatlar taklif etiladi. Masalan, do‘stining xafa bo‘lishi holati. Bolalar bu vaziyatda qanday his qilishlarini va qanday yordam berish mumkinligini muhokama qiladi.
Foydasi: Bolalar boshqalarning his-tuyg’ularini tushunish va ularga yordam berish ko’nikmalarini rivojlantiradi.
His-tuyg‘ularni hikoya qilish
His-tuyg‘ularni hikoya qilish mashg‘ulotida bolalarga turli emotsiyalar aks etgan hikoyalar o‘qib beriladi. Keyin ular muhokama qilinib, bolalar o‘z fikrlarini bildiradi.
Foydasi: Bolalar his-tuyg‘ularni tushunish va ularni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Maqsadlarni belgilash
Bolalar o’zlariga kichik maqsadlar belgilaydilar (masalan, bir hafta davomida do’stlariga yordam berish).
Maqsadlarni amalga oshirish uchun rejalar tuziladi va natijalar muhokama qilinadi.
Foydasi: Bolalar o’z his-tuyg’ularini boshqarish va maqsadga erishish ko’nikmalarini rivojlantiradi.
Muallif: Gulnoz Xodjayeva
Avvalroq, o‘yinga asoslangan ta’lim orqali bolalarning xotira va mantiqiy fikrlashini rivojlantiruvchi mashqlar haqida maqola taqdim etilgan edi.
