11 yoshli o‘zbekistonlik o‘quvchi qiz “Britain’s Got Talent” sahnasida chiqish qildi (video)

11 yoshli o‘zbekistonlik o‘quvchi qiz “Britain’s Got Talent” sahnasida chiqish qildi (video)

11 yoshli maktab o‘quvchisi Yasmina Husniddinova Buyuk Britaniyaning mashhur “Britain’s Got Talent” teleloyihasida chiqish qilib, ilk o‘zbekistonlik ishtirokchiga aylandi. Bu haqda O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ma’lum qildi. U sahnada “Never Enough” qo‘shig‘ini ijro etib, hakamlar va tomoshabinlar e’tiborini tortdi.

 

Yasmina Husniddinova 2013-yil 20-noyabrda tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahridagi T. Sadykov nomidagi 1-son bolalar musiqa va san’at maktabining estrada vokal yo‘nalishida tahsil oladi. Vokal bilan 6 yoshidan shug‘ullanib kelmoqda.

 

U turli respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Jumladan, “Yoshlar ovozi” respublika tanlovi g‘olibi, Italiya va Belarusiyadagi xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ikki karra Gran-pri sohibasi, “МИРОВОЕ МОЛОДЁЖНОЕ ИСКУССТВО” (Xalqaro tanlov), “МУЗЫКА ЖИЗНИ” (International Multigenre Competition), “ОДАРЁННЫЕ ДЕТИ” marafoni, “TASHKENT GRAND FESTIVAL” (International Competition-Festival), “БАКЫТТЫ БАЛАМЫЗ”, shuningdek, “YOSH ISTE’DODLAR” tanlovlari ishtirokchisi.

 

Yasmina Belarusiyada o‘tkazilgan  “Славянский базар в Витебске!” xalqaro san’at festivalining bolalar yo‘nalishida ham Gran-pri sohibasi bo‘lgan. Mukofot unga Belarus prezidenti Alexander Lukashenko tomonidan topshirilgan.

 

“Britain’s Got Talent”dagi chiqishi uning xalqaro sahnadagi navbatdagi muvaffaqiyatlaridan biri bo‘ldi.

 

Avvalroq o‘zbekistonlik o‘quvchilar Kavkaz matematika olimpiadasida 7 ta medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.