Pedagoglar tomonidan attestatsiya uchun to‘langan pullar qayerga sarflanadi?

Pedagoglar tomonidan attestatsiya uchun to‘langan pullar qayerga sarflanadi?

Bizni doim o‘tkazilish kunlari, to‘lov qilish muddati, test jarayonlari va apellatsiya kabi jihatlari bilan qiziqtirgan attestatsiyaning o‘ziga xos bo‘lgan yana boshqa faktlari ham bor.

 

Attestatsiya lotincha attestatio («tasdiqlash», «guvohnoma») so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, xodim, mutaxassis yoki tashkilot faoliyatining belgilangan me’yor va talablar asosida baholanish jarayonidir. Attestatsiya davlat va nodavlat sohalarda kadrlar malakasini oshirish, lavozimga layoqatliligini aniqlash hamda kasbiy rivojlanishni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.

 

Davlat xizmatchilari va o‘qituvchilarni rasmiy baholash tizimlari XIX asrda Yevropada davlat xizmatini modernizatsiya qilish jarayonida paydo bo‘lgan. Bu tizim davlat xodimlarining kasbiy darajasini tekshirish va qobiliyat asosida tanlash tamoyilini joriy etish uchun qo‘llanilgan. Ya’ni XIX asrda Yevropada davlat va ta’lim tizimlarida rasmiy baholash va imtihon tizimlari shakllanib, keyinchalik zamonaviy attestatsiya tizimlariga asos bo‘lgan.

 

O‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish XX asrda keng joriy etilgan. XX asr davomida ko‘plab davlatlarda o‘qituvchilarni professional baholash tizimlari joriy qilingan. Bu tizimlar orqali o‘qituvchilarning metodik mahorati va bilim darajasi baholangan.

 

Oʻzbekistonda pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan belgilanadi. Ushbu hujjatga koʻra, 2022-yildan boshlab attestatsiya jarayoni elektron shaklda amalga oshiriladi. Pedagoglarning bilim darajasi va pedagogik mahorati test sinovlari hamda komissiya bahosi asosida aniqlanadi.

 

Pedagoglar attestatsiyada ishtirok etish uchun quyidagi miqdorda to‘lov qilishlari kerak:

 

  •  DXM orqali murojaat etilganda BHMning 100 foizi (412 ming soʻm)
  •  Pedagog.uzedu.uz — platformasi orqali murojaat etilganda, BHMning 90 foizi (370 ming 800 soʻm)
  •  My.gov.uz orqali murojaat etilganda,murojaat etilganda BHMning 90 foizi (370 ming 800 soʻm)

 

Xo’sh, yana bir qiziq savol: pedagoglar tomonidan attestatsiya uchun to‘langan pullar qayerga sarflanadi?

 

Vazirlar Mahkamasining 572-son qaroriga ko‘ra, Pedagog kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim toʻlanganligi yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.

 

Pedagog davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etgan taqdirda, yigʻim summasining:

 

20 foizi — Adliya vazirligining davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;

 

0,5 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;

 

50 foizi — vakolatli vazirliklarning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;

 

qolgan qismi — Davlat budjetiga oʻtkaziladi.

 

Pedagog yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganida, yigʻim summasining:

 

10 foizi — Adliya vazirligining davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;

 

11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali davlat xizmati koʻrsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;

 

50 foizi — vakolatli vazirliklarning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;

 

qolgan qismi — Davlat budjetiga oʻtkaziladi.

 

Pedagog vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-sayti orqali murojaat etgan taqdirda, yigʻim summasining:

 

0,5 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;

 

20 foizi — Davlat budjetiga;

 

qolgan qismi — vakolatli vazirliklarning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

 

Ma’lumot uchun, pedagog kadr attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilishidan voz kechgan, amaldagi malaka toifasini (lavozimini) himoya qila olmagan va attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, toʻlangan yigʻim qaytarib berilmaydi.

 

Pedagog kadrlar uzrli sabablarga koʻra attestatsiyaga kelmaganligi tufayli ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchirilgan taqdirda, yigʻim takroran undirilmaydi.

 

Shuningdek, bugun, 9-mart kuni 2026-yilning birinchi yarmida o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyada ishtirok etish uchun to‘lov qilishning oxirgi kuni hisoblanadi.