Joriy yilda oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida umumiy hisobda 737 ming 351 nafar abituriyent ishtirok etgan.
Shundan amaldagi minimal o‘tish balli – 56,7 dan ko‘proq ball to‘plagan abituriyentlar soni 391 ming 482 nafarni (53,1 foiz) tashkil qiladi;
OTM larning qabul kvotalari soni esa barcha ta’lim shakllari bo‘yicha 200 mingga yaqin (194 ming 892 ta).
Bu degani, minimal o‘tish balli 56.7 ball ekanligini bilgan holda, hujjat topshirgan har 4 ta abituriyentdan bittasi, yoxud 56,7 dan ko‘proq ball to‘plagan har 2 ta abituriyentdan bittasi talaba bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, hozirda Oliy ta’lim muassasalariga kirish sinovlarining ikkinchi bosqichi, ya’ni tanlov bosqichi davom etmoqda. Ushbu jarayon 10- avgustgacha davom etadi va bu bosqich yakunlangach 1 hafta muddatda mandat shakllantiriladi. Mandat 17-20 avgust kunlari chiqishini taxmin qilishimiz mumkin.
Mandat chiqishi bilan abituriyentning shaxsiy kabinetida paydo bo‘ladi.
Oldinroq, yo‘nalish va OTM tanlovini qanday amalga oshirish mumkinligi haqida Instagram sahifamizda videoqo‘llanma taqdim etgan edik.