Yana bir oliygoh xodimi “O‘tkan kunlar” asari tarjimasini ruxsatsiz tarqatgani sababli jarimaga tortildi

Yana bir oliygoh xodimi “O‘tkan kunlar” asari tarjimasini ruxsatsiz tarqatgani sababli jarimaga tortildi

Amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Riz 2025-yil dekabr oyida linkedin.com ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasiga joylagan murojaatida Andijon davlat chet tillari instituti tomonidan ingliz tiliga tarjima qilgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” (Bygone Days) asarini ruxsatsiz elektron shaklda tarqatilganligi bildirgan.

 

Sud qaroriga asosan mazkur ish 2026-yil 6-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudida koʻrib chiqilgan.

 

Mark Riz tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida eʼlon qilingan murojaat Andijon viloyati adliya boshqarmasining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlimi tomonidan oʻrganilgan.

 

Tekshiruv jarayonida Andijon davlat chet tillari institutining axborot-kutubxona resurslarini shakllantirish, kataloglashtirish va tizimlashtirish boʻlimi rahbari N.R. mualliflik huquqini beruvchi shartnoma tuzmasdan, 2025-yil 28-mart kuni Mark Rizga tegishli “Bygone Days” asarining elektron nusxasini institutning Telegram kanaliga joylagani aniqlangan.

 

Sud majlisida N.R. oʻz aybiga iqror boʻlib, qilgan ishi notoʻgʻri ekanini tan olgan. Shuningdek, u asarning elektron shaklini Telegram kanalidan olib tashlaganini, kelgusida bunday huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymasligini bildirgan. U oilasida yagona boquvchi ekani, voyaga yetmagan ikki nafar farzandi borligini inobatga olib, unga nisbatan yengillik qoʻllashni soʻragan.

 

N.R.ning harakatlari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177–1-moddasi 1-qismiga (mualliflik va turdosh huquqlarni buzish) muvofiq toʻgʻri baholangan boʻlib, uning aybi sudda bergan koʻrsatmalari, shuningdek, Andijon viloyati adliya boshqarmasining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlimi tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnoma, tushuntirish xati va boshqa hujjatlar bilan tasdiqlangan.

 

Sud qaroriga binoan, N.R. mazkur moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 375 ming soʻm (BHMning 1 baravari) miqdorida jarima tayinlangan.

 

Shu bilan birga, sud huquqbuzarlik 2025-yil 28-mart sanasida sodir etilganini inobatga olib, ishni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning eski tahrirdagi 177–1-moddasi 1-qismi asosida koʻrib chiqish lozim, degan xulosaga kelgan.

 

Mark Riz Facebookʼdagi sahifasi orqali sud qaroriga nisbatan munosabat bildirdi.

 

“Ular javobgarlikdan va eng muhimi, katta zarar koʻrishdan qochish uchun aybni kutubxonachiga yukladi. Qiziq, nega AQSH bu institutlar bilan munosabat/almashinuv izlashda davom etmoqda. Agar ularda asoslar boʻlmasa, chet ellik mehmonlarga foyda keltirishi mumkin boʻlgan nima bor? Amerika biznesi manfaatlari haqiqatan ham himoyalanganmi?”, — deyiladi uning postida.

 

“Meni hayron qoldirgani shuki, Oliy taʼlim vazirligi rahbariyatidagi tizimli layoqatsizlik: Toshkentda prorektor aybni boʻyniga oldi, endi esa Andijonda kutubxonachi yomon. Bu yolgʻiz bir odamning ishi emas, bu Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarini tavsiflovchi tizimli muvaffaqiyatsizlikdir. Ikkita shaxsni ayblash orqali ular muammo tizimli ekanligini isbotladi. Ularning javobgarlikdan qochishning qisqa muddatli taktikasi strategik maqsadlariga putur yetkazadi”, — deydi Mark Riz.

 

Holat yuzasidan Andijon davlat chet tillar universiteti tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida, institut Axborot-resurs markazi (ARM) boʻlim mudiri N.Rustamova tomonidan oʻziga biriktirilgan Telegram kanaliga mualliflik huquqi bilan himoyalangan boshqa oliygoh tomonidan elektron shaklga keltirilgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” (“Bygone days”) asari (Mark Riiz tarjimasi) ruxsatsiz joylashtirilgani aniqlangan.

Mazkur holat maʼlum boʻlishi bilanoq, institut rahbariyatining koʻrsatmasiga asosan ushbu elektron resurs 2025-yil 3-dekabr kuni zudlik bilan tarmoqdan oʻchirib tashlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudining 2026-yil 6-yanvardagi 3-1701-2604/113-sonli qaroriga muvofiq, masʼul xodimga nisbatan qonuniy chora koʻrilib, jarima jazosi tayinlangan.

«Shuni maʼlum qilamizki, mazkur holat institutning umumiy siyosatini aks ettirmaydi, balki quyi boʻgʻin xodimining texnik ehtiyotsizligi natijasida yuzaga kelgan. Andijon davlat chet tillari instituti xalqaro intellektual mulk huquqlarini doimo yuksak qadrlaydi va Mark Riiz kabi oʻzbek adabiyotini dunyoga targʻib qilayotgan ijodkorlar mehnatini cheksiz hurmat qiladi.

 

​Hozirda barcha boʻlim va ARM xodimlari oʻrtasida mualliflik huquqi boʻyicha qoʻshimcha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Institut kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni koʻradi.

 

​Andijon davlat chet tillari instituti maʼmuriyati xalqaro hamjamiyat va intellektual mulk egalari bilan ochiq va shaffof muloqotga tayyorligini bildiradi» — deyiladi xabarda.

 

Avvalroq, aynan shu mavzuda mualliflik huquqi buzilganligi sabab Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti javobgarlikka tortilgan edi.

 

Shuningdek, OʻzDJTU rektori AQSHlik tarjimon bilan bogʻliq nizoga munosabat bildirgani haqida xabar bergan edik.