14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni. Ushbu kun arafasida tinchligimiz posbonlarining farzandlari uchun davlat tomonidan kafolatlangan barcha ta’lim imtiyozlarini eslatib o‘tamiz.
Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining mashaqqatli xizmati inobatga olinib, ularning oilalariga bog‘chadan tortib oliy ta’limgacha qator ijtimoiy yengilliklar joriy etilgan.
Xususan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan harbiylarning, shuningdek, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning bolalari davlat bog‘chalariga imtiyozli ro‘yxat bo‘yicha (navbatsiz yoki ustuvor) qabul qilinadi.
Shuningdek, o‘rta ta’lim muassasalari, shuningdek vazirliklarning bolalar sog‘lomlashtirish lagerlariga navbatsiz qabul qilinadi.
Halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida qoʻshimcha kvotalar boʻyicha taʼlim olishi taʼminlanadi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, namunaviy intizom va yuqori natijalar ko‘rsatgan xizmatchilarga tavsiyanoma beriladi. Bu tavsiyanoma 3-yil mobaynida amal qiladi. Ushbu xizmatchilar Oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha ball (50%) oladi va OTM bakalavriatiga kirish uchun alohida kvotalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqiga ega.
Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlarining farzandlariga oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun 5 foizli kvota hamda burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish to‘g‘risida tavsiyanomalar beriladi.
Askarlarga harbiy qismning o‘zida oliygohga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqchi boʻlgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz taʼlim krediti ajratiladi.
4