Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida quyidagi vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi:
– muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi belgilandi, bunda har bir harbiy xizmatchi armiyadan qaytganda kasbiy ko‘nikmalar va real istiqbollarga ega bo‘ladi;
– “Bir million dasturchi” va “Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi” dasturlari doirasida har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchilar o‘qitiladi;
– muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek, harbiy xizmatdan qaytgandan keyin o‘qishi qo‘llab-quvvatlanadi, shu jumladan sertifikat xarajatlari qoplanadi va foizsiz ta’lim kreditlari beriladi;
– muddatli harbiy xizmatdan qaytganlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralari kengaytirilmoqda, shu jumladan ularning tadbirkorligi qo‘llab-quvvatlanadi va ishga joylashishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi;
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlari yanada yaxshilanadi, harbiy xizmatchilar, ularning oilalari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi:
– 1-apreldan boshlab ofitserlarning ko‘p yillik xizmati uchun ustama haqi 2 baravarga oshiriladi;
– kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va serjantlarning ish haqi 10 foizga oshiriladi;
– hududiy mudofaa organlarining harbiy bo‘lmagan xodimlari mehnatiga haq to‘lash joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda yana 50 foizga oshiriladi;
– 30 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarga pensiya hisoblashda hisobga olinadigan pul ta’minoti miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshiriladi;
– ma’naviy-ma’rifiy tarbiya maqsadida joriy yilda harbiy qism va muassasalar 1 million nusxada badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi;
– armiyada sportni rivojlantirish davom ettiriladi, jumladan, yoshlarning qiziqishiga javob beradigan zamonaviy yo‘nalishlar joriy etiladi;
– yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bunda raqamli makon xususiyatlarini hisobga olish muhimligi ta’kidlandi.
