“Jizzaxda o‘qituvchi “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganini paxta dalasida eshitdi” sarlavhasi ostida tarqalgan xabar Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan o‘rganilgan.
Ma’lumotlarga koʻra, Jizzax shahridagi 22-umumiy o‘rta taʼlim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulbahor Saidmuradovna Samadova paxta yig‘im-terimida yakshanba kuni qo‘shimcha daromad topish maqsadida ishtirok etayotganligi, uni ushbu ishda qatnashish uchun hech qanday majburlash holati bo‘lmaganligi aniqlangan.
Shu bilan birga, Milliy komissiya xodimlarga ularning funksional vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlarini qonunchilikka zidligini hamda bu ishlar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanganligini yana bir bor eslatgan.
Agar kimdir majburiy tarzda biror-bir mehnatga jalb etish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bog‘liq muammolarga duch kelsa, «1176» hamda «1092» raqamli “ishonch telefoni”ga murojaat qilishlari kerak.
