AQSH federal sudi Tramp ma’muriyatining Garvardni moliyalashtirishni qisqartirish qarorini bekor qildi

AQSH federal sudi Tramp ma’muriyatining Garvardni moliyalashtirishni qisqartirish qarorini bekor qildi

Bostondagi AQSh okrug sudyasi Ellison Berrouz prezident Donald Tramp ma’muriyati Garvard universitetiga ajratilgan taxminan 2,2 mlrd dollarlik grantlarni noqonuniy ravishda to‘xtatgan, deb topdi. Bu prezident endi nufuzli Ayvi ligasi maktabiga ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni to‘xtata olmasligini anglatadi, deb xabar bergan Reuters.

 

Ta’kidlanishicha, sudyaning qarori Garvard uchun katta huquqiy g‘alaba bo‘ldi. Bu qaror universitetga Oq uy bilan bo‘lgan ko‘p tomonlama nizosini yakunlashi mumkin bo‘lgan kelishuvga erishish imkonini beradi.

 

Ammo Oq uy apellyatsiya berishga va’da berdi, deb yozadi BBC. Prezident ma’muriyati bungacha Garvard tadqiqotchilariga ajratilgan yuzlab grantlarni bekor qilgan, aprel oyida moliyalashtirish muzlatib qo‘yilganida Tramp ma’muriyati kollejni antisemitizm, “radikal so‘l” mafkuralar va irqiy tarafkashlikda ayblagandi.

 

Garvard esa Tramp ma’muriyati so‘z erkinligi huquqini buzgan holda harakat qilayotganini da’vo qilib, sudga shikoyat kiritgan. Oliygoh rasmiylarning o‘z mafkuraviy kun tartibiga mos keladigan boshqaruv, ishga qabul qilish va akademik dasturlarni qayta ko‘rib chiqish talablarini bajarishdan bosh tortgan.

 

Ayvi ligasining yana uchta universiteti — Kolumbiya, Penn va Braun ma’muriyatning shunga o‘xshash da’volari tufayli xavf ostida bo‘lgan mablag‘ni saqlab qolish uchun sudga murojaat qilishdan ko‘ra, Tramp bilan kelishishni afzal ko‘rgan.

 

Berrouzning aytishicha, sudlarning vazifasi akademik erkinlikni himoya qilish va muhim tadqiqotlarning o‘zboshimchalik bilan hamda protsessual jihatdan noto‘g‘ri to‘xtatilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bu vazifani bajarish hukumatning g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, sudlar o‘z majburiyatlarini ado etishi lozim, chunki hukumat o‘z kun tartibini har qanaqasiga amalga oshirishga intilmoqda.

 

Garvard universitetining Tramp ma’muriyati bilan ziddiyati bir necha oydan beri davom etayotgandi. May oyi oxirida Ichki xavfsizlik vazirligi Garvardni 2025−2026-yillarda xorijiy talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum etib, universitetdan Talabalar va tashrif buyuruvchilar almashinuvi dasturi (SEVP) sertifikatini qaytarib olgan. Vazirlik o‘z qarorini universitet chet ellik talabalarning xatti-harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortgani va universitet kampusida “yahudiy talabalarga nisbatan dushmanlik ruhidagi, HAMASga xayrixohlikni targ‘ib qiluvchi siyosati izohlagan. Universitet sudga murojaat qilgan, sud vazirlik qarorini vaqtincha bloklagan.

Iyul oxirida Garvard OTMni antisemitizmda ayblagan Tramp ma’muriyati bilan mojaroni hal qilish uchun 500 mln dollargacha to‘lashga rozi bo‘lgandi. Ammo Garvard federal hukumatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul to‘lamoqchi bo‘lmagan.