Imtihon oldidan xotirani mustahkamlash uchun nima qilish kerak?

Imtihon oldidan xotirani mustahkamlash uchun nima qilish kerak?

Bugungi kunda imtihonlarga tayyorlanish jarayoni ko‘pchilik uchun katta stress manbai bo‘lib qolmoqda. Yodlashga ko‘p vaqt sarflanadi, ammo bilimlar kerakli vaqtda yodga kelmay qoladi. Bunday holatlar ko‘plab talabalarda uchraydi. Neyrofiziolog Anton Zaxarov bu muammoning ildizini inson miyasi va xotirasining tabiiy xususiyatlaridan izlash kerakligini ma’lum qildi.

 

 

Xotira qanday ishlaydi?

 

Inson xotirasi kompyuter xotirasidan farq qiladi. Kompyuterda ma’lumotlar qanday yozilgan bo‘lsa, shundayligicha eslab qoladi. Inson esa eslash jarayonida ma’lumotni miyadan chiqaradi, qayta ishlaydi va yana “saqlaydi” — bu vaqtda esa ma’lumot o‘zgarishi mumkin. Shu sababli inson xotirasi xatolarga moyil hisoblanadi.

 

 

Xotirani mustahkamlash uchun u bilan ongli ishlash, eslab qolingan ma’lumotlarni vaqtida tekshirib, to‘g‘rilab borish kerak. Ma’lumotlar bilan ishlaganda hissiyotlarning ham katta ahamiyati bor — quvonch, ajablanish, g‘azab yoki qo‘rquv kabi hissiyotlar yangi neyron bog‘lanmalarning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

 

 

Ko‘pchilik o‘qishni qiyin jarayon deb o‘ylaydi. Aslida, bu noto‘g‘ri. Yangi bilim olishdan zavqlansak, miyada ijobiy jarayonlar kuchayadi. O‘qish yoqimli bo‘ladi. Yod olish tezlashadi. Hatto charchoq hissi kamroq seziladi.

 

Neyrofiziolog Anton Zaxarov imtihonlarga samarali tayyorgarlik ko‘rish uchun quyidagicha maslahat beradi:

 

 

1. Faol yodlash usulidan foydalaning

 

Matnni qayta-qayta o‘qish unchalik foyda bermaydi. Yaxshisi — eslagan narsangizni baland ovozda gapirib chiqing, so‘ng matnga qaytib, to‘g‘riligini tekshirib, yana qayta hikoya qiling. Bu usul miyani faol ishlashga majbur qiladi.

 

 

2. Uyquga e’tibor qarating

 

Bilimlar qisqa xotiradan uzoq muddatli xotiraga aynan tunda, uyqu vaqtida o‘tadi. Shu sababli tunlari yod olish samarasiz bo‘ladi, hattoki, kechasi uxlamaslik yodlangan narsaning umuman xotirada saqlanmasligiga olib keladi.

 

 

3. Bilimlarni uzoq muddatga yodda saqlashni rejalang

 

Agar maqsad uzoq muddatli bilim bo‘lsa, har kuni 15 daqiqadan yod olishni odatga aylantirish kerak.

 

 

4. Intervallik takrorlash usulini qo‘llang

 

Takrorlash orasidagi vaqtni asta-sekin oshirish kerak. Miya avval yangi narsani tez o‘rganadi. Lekin tezda unutadi. Oradan vaqt o‘tgani sayin, unutish sekinlashadi.
Masalan, yangi so‘zlarni yodlayapsiz. Ularni ertasi kuni takrorlang. Keyin ikki kundan keyin. Keyin to‘rt kundan so‘ng. So‘ng sakkiz kun o‘tgach. Bu usul bilan yodlash ancha osonlashadi.

 

 

5. Jismoniy faollikni oshiring

 

Jismonan sog‘lom odam ma’lumotni yaxshiroq eslaydi. Sport bilan shug‘ullanish miyada kislorod oqimini yaxshilaydi. Bu esa eslab qolish jarayonini tezlashtiradi. Shuning uchun imtihon paytida sportni tashlamang. Aksincha, unga vaqt ajrating. Har kuni 10 ming qadam, 15 daqiqa badantarbiya yoki yoga kifoya. Shu bilan miya ham, tana ham tetik bo‘ladi.

Miya biz o‘ylagandan murakkabroq ishlaydi. Imtihonlarda muvaffaqiyat — nafaqat ko‘p o‘qishda, balki to‘g‘ri o‘rganishdadir. Miyaning qanday ishlashini bilsangiz, o‘qish ham yengillashadi, bilim ham uzoq saqlanadi.