Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi

Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga koʻra:

 

–  Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi;

 

–  Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining pedagogik taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari – Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimi joriy etiladi.

 

 

2025-2026-oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich quyidagilar amalga oshiriladi:

 

–  Universitetning boshqaruv tizimi Yangi Oʻzbekiston universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi;

 

–  Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, yuridik shaxs boʻlmagan 6 ta pedagogika oliy maktabi tashkil etiladi;

 

–  Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga birinchi kursdan xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;

 

–  xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitet va pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yoʻnalishlarida dars berish uchun professor-oʻqituvchilarni tanlab olish tizimi joriy etiladi.

 

 

2025-2026-oʻquv yilidan boshlab pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki taʼlim shakli boʻyicha tashkil etilib, sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi.  Oliy pedagogik taʼlim yoʻnalishida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.

 

 

2026-2027-oʻquv yilidan boshlab pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarida Universitetga ravishda boshqaruv tizimi takomillashtiriladi va xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

 

 

Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika qilish tizimi joriy etiladi. Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.