Maʼlumki, 2022-2023 oʻquv yilida darsliklar ijara narxlarining oshirilishi koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgandan soʻng Prezidentning tegishli topshirigʻi bilan 500 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ davlat byudjetidan toʻlab berilib, darsliklar ijarasi bekor qilingandi.
Oʻquvchilarga darsliklarni bepul foydalanishga berish tizimi joriy qilingani sababli Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli farmoni bilan byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi faoliyati ham tugatildi. Uning barcha funksiyalari esa Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga oʻtkazildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2025-yil uchun ishlab chiqilgan Byudjetnomada esa maktab darsliklari ijara toʻlovini qayta joriy etish taklifi ilgari surildi.
Joriy yilning 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan majlisda 2025-yil uchun Davlat byudjeti Qonun loyihasi maʼqullandi.
Boʻlib oʻtgan majlis muhokamasida esa maktab darsliklari ijara toʻlovini qayta joriy etish taklifi qabul qilingani yoki qabul qilinmaganligi haqida aniq maʼlumot tilga olinmadi.
Shu sababli, xalqtaliminfo.uz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan bogʻlandi. Tahririyat soʻroviga javoban vazirlik mulozimi maktab darsliklari ijara toʻlovini qayta joriy etish taklifi qabul qilinmaganligini maʼlum qildi.
“Maktab darsliklarini pullik qilish taklifi oʻzi avvaldan Davlat byudjeti Qonuni loyihasida yoʻq edi. Bu taklif faqatgina Byudjetnomada tilga olingandi xolos”, deydi vazirlik mulozimi.