Oʻzbekiston elchisi Nodir G’aniyev Fransiyaning “ESTP Paris” oliy muhandislik maktabi bosh direktori Joel Kyuni bilan uchrashuv oʻtkazildi, deb xabar qilmoqda Dunyo axborot agentligi.
Fransiya tomoniga Oʻzbekistonda muhandislarni tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Ushbu yoʻnalishda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlangan.
Joel Kyunining aytishicha, ESTP Paris” oliy muhandislik maktabi qurilish, energetika, yoʻl va aeroport qurilishi, suv infrastrukturasi kabi sohalarda mutaxassislarni tayyorlaydi. Shuningdek, maktab bir nechta ixtisoslashtirilgan magistrlik kurslarini ham taklif qiladi. Ma’lum qilinishicha, “ESTP” dunyoning 46 mamlakati bilan hamkorlik oʻrnatgan va xalqaro aloqalarni kengaytirish jarayoni davom etmoqda.
“ESTP” bitiruvchilari uchun ikki tomonlama diplom (“dual diploma”) berish dasturi joriy qilingan. Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda oʻzbek muhandislarining yangi avlodini tayyorlashda sheriklik aloqalarini oʻrnatishga tayyormiz”, deydi maktab rahbari.