2025-yil yanvar-iyun oylarida oʻtkaziladigan pedagoglar attestatsiyasida maktab psixologlari ishtirok etishlari mumkin.
Attestatsiya jarayonlari quyidagi muddatlarda tashkil qilinadi:
– yanvar-fevral oylarida murojaatlar (arizalar) qabul qilinadi;
– mart-may oylarida malaka (test) sinovlari oʻtkaziladi. Iyun oyida Sertifikatlar tarqatiladi.
Psixologlar attestatsiyasi ham, 2021-yil 17-sentyabrda 572-son qaror bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom asosida ikki bosqichda oʻtkaziladi.
Birinchi bosqichida – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasini aniqlash maqsadida 40 (35 ta mutaxassislik fandan+5 ta pedagogning kasbiy standartlaridan) ta test topshirigʻi beriladi.
Har bir toʻgʻri bajarilgan test topshirigʻi 2 ball bilan baholanib, test sinovlari uchun jami 80 ball beriladi.
Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida ilgʻor pedagogik uslub va texnologiyalarni (“case-study” uslubi, loyihalar uslubi, hamkorlikda oʻqitish, “amaliy oʻyin”, interfaol taʼlim uslubi va boshqalar) qoʻllash boʻyicha 10 ta topshiriq beriladi. Har bir toʻgʻri berilgan javob 2 ball bilan baholanib, jami 20 ball beriladi.
Har ikkala bosqich ham bir vaqtda kompyuter dasturlari orqali amalga oshiriladi.