Ishga kelmagan oʻqituvchilarga intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash mumkin.
Birinchidan, oʻqituvchi ishga kelmasa, darslarini oʻz vaqtida oʻtmasa, tabelga tegishli belgi qoʻyiladi.
Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2169)ning 285-bandiga koʻra oyning oxirida tabel boʻyicha ishlangan kunlarning umumiy miqdori, shuningdek, ortiqcha ishlangan soatlar aniqlanadi. Toʻldirilgan va tegishli imzolar bilan rasmiylashtirilgan tabel va boshqa hujjatlar belgilangan muddatda ish haqi hisoblab yozish uchun buxgalteriyaga topshiriladi.
Shu qoidaga koʻra oʻqituvchi ishga kelmasa, unda Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 55-ilovada belgilangan P (progullar) belgisi qoʻyiladi.
Shundan soʻng tegishli tartibda unga nisbatan intizomiy taʼsir chorasi koʻrish boshlanadi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 312-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:
1) hayfsan;
2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima.
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari).
Ushbu kodeks 313-moddasiga koʻra yuqoridagi jazo turlari faqat uni qoʻllashga vakolatli shaxslar tomonidan berilishi mumkin.
Bunda OʻIBDOʻ har bir shaxsga obyektiv holatda qarab, qaysi xodim haqiqatda ishga kelmagan boʻlsa, shunga tegishli tartibda belgi qoʻyishi kerak.