Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi ramzlar nimani anglatadi?

 

1991-yilning 18-noyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan. Ushbu qonunga koʻra, bayrogʻimiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi.

 

Bayroq qadim-qadimdan har bir xalqda mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli boʻlib kelgan. Bugun BMT binosida unga aʼzo boʻlgan 193 mustaqil davlat qatori Oʻzbekistonning ham bayrogʻi hilpirab turibdi. Aslida har bir bayroqning oʻz tarixi, u mansub boʻlgan yurt suvratiyu siyratiga monand qiyofasi bor.

 

 

Oʻzbekiston bayrogʻidagi har bir rang, har bir belgi oʻziga xos maʼnoga ega. Undagi moviy rang — kuch-qudratni, tinchlik va barqarorlikni oʻzida aks ettiradi. Oq rang — poklik, begʻuborlikni ifodalab kelgan. Yashil rang esa, yasharish va yangilanish ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz, asriy qadriyatlarimiz, iymon-eʼtiqodimiz timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar tomirimizdagi ajdodlar qoni – mangulik nishonasidir.

 

 

Bayroq atamasi eski turkiy atama boʻlib, u bundan ming yillar avval ham aynan shu maʼnoda qoʻllangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qoʻllangan. Yaʼni, bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi boʻlib, u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga oʻrnatib, sanchib (botirib) qoʻyilgan. Uni tugʻ, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

 

 

2018-yilning oktyabr oyida bayrogʻimiz yana bir xalqaro tashkilot – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (hozirda Turkiy davlatlar tashkiloti)dan ham oʻrin olgan. Ushbu xalqaro tashkilot bayrogʻi ham unga aʼzo boʻlgan davlatlar bayroqlaridagi ranglar va shakllar uygʻunligidan tashkil topgan. Turkiy kengash tugʻidagi oq va moviy rang, hilol tasviri yurtimiz bayrogʻiga hamohangdir.

 

 

 

 

Tarixda hukm surgan turli sulolalar, davlatlar ham oʻz bayroqlariga ega boʻlgan. Masalan, qadimgi Koʻkturk hoqonligi, Amir Temur davlati bayrogʻi — moviy, qadimgi ajdodlarimiz boʻlgan xunlarning bayrogʻi — oq, Gʻaznaviylar davlati, Qoʻqon xonligi bayroqlari — yashil, Turkiston muxtoriyati bayrogʻi — koʻk va qizil ranglarda edi.

 

 

Binobarin, Oʻzbekiston bayrogʻini qabul qilishda, unda muayyan ranglarni belgilashda tarixiy anʼanalarimizga alohida urgʻu berilgan. Hilol va yulduzlar davlat bayroqlarida juda keng tarqalgan belgilar sanaladi. Bu ramzlar oʻzbek davlatchiligi tarixidagi koʻpgina davlat bayroqlarida oʻz aksini topgan. Oʻzbekiston bayrogʻidagi yarim oy va oʻn ikki yulduz ham oʻziga xos mazmun-mohiyat kasb etadi.

 

 

Qadimdan osmonda yangi oy koʻringanda yaxshi niyatlar bildirish koʻpgina turkiy xalqlarga xos hisoblanadi. Hilol ezgulik, orzu- umidlar, umrboqiy anʼanalar va Islom dini timsolidir. Koʻhna Sharqda qadimdan oʻn ikki raqami — mukammallikni, komillikni anglatib kelgan. Oʻn ikki oy, oʻn ikki burj… “Temur tuzuklari”da yozilishicha, Sohibqiron oʻz saltanatini oʻn ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamlagan, davlat boshqaruvida oʻn ikki tamoyilga qatʼiy amal qilgan. Azaldan oʻn ikki yoshga toʻlgan goʻdak bir muchal yashagan, balogʻatga yetgan hisoblanadi.

 

 

Sohibqiron Amir Temur saltanatida ham bayroq davlat va millatning gʻururi sanalgan. Uch halqa tasviri tushirilgan davlat tugʻi Sohibqiron qoʻshinidagi eng ishonchli bahodirlar, sarkardalar tomonidan qoʻriqlangan. Gʻanimlarga qarshi jangu jadallarda yuksak mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan amiru sipohiylarga ham maxsus tugʻ va nogʻora hadya qilingani tarixiy manbalarda oʻz aksini topgan.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры