Ba’zan o‘quvchini faqat yil oxirida sinfdan sinfga ko‘chirish mumkin, degan fikrlar uchraydi. Biroq, bu noto‘g‘ri.
O‘quvchini yilning istalgan vaqtida, ya’ni yil o‘rtasida ham, yil oxirida ham sinfdan sinfga, maktabdan maktabga ko‘chirish mumkin.
Umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi nizomning 49-bandiga ko‘ra, ota-onalar farzandlarini o‘quv yili davomida yoki uning tugaganidan keyin bir sinfdan boshqa sinfga yoki bir umumta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.
O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning (ro‘yxat raqami № 2684) 11-bandida ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra farzandini o‘quv yili davomida yoki yili tugaganidan so‘ng bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Nizomning 15-bandiga asosan, o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun maktabga kelish talonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, o‘qishni ko‘chirish yuqoridagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.