Hukumat qaroriga asosan, Oʻzbekistonda nemis tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish hamda yoshlarni Germaniyada kasbiy taʼlimga yoʻnaltirishga koʻmaklashish maqsadida professional taʼlim muassasalarining 27 nafar nemis tili fani oʻqituvchilari Germaniyaning “TELC” til oʻqitish markazida malaka oshirish kursiga yuborilgan.
16-oktabr kuni malaka oshirishga saralab olingan nemis tili fani oʻqituvchilari bilan uchrashuv oʻtkazildi va ushbu safardan koʻzlangan maqsad va vazifalar, kutilayotgan natijalar yuzasidan fikr almashilgan.
Xususan, oʻqituvchilar 8 hafta davomida Germaniyadagi “TELC” til oʻqitish markazida oʻzlarining til darajalari hamda kasbiy koʻnikmalarini oshirishlariga moʻljallangan dastur mazmun mohiyati tushuntirilgan.
Uchrashuvda yuborilayotgan pedagoglardan malaka oshirish kursi davomida zamonaviy til oʻrgatish metodikasiga asoslangan intensiv tayyorlov kurslarida faol ishtirok etib, nemis tilini oʻqitishning eng soʻnggi uslublari, zamonaviy qoʻllanmalar va darsliklar bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirish kutilayotgani taʻkidlangan.
Oʻqituvchilar Toshkent xalqaro aeroportidan masʼul xodimlar hamrohligida Germaniyaning Berlin shahriga jo’nab ketishgan.