Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 75-sonli maktabda o‘quvchi va o‘qituvchilar majburiy mehnatga chiqarilayotgani aytilgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi raddiya e’lon qildi. Raddiyada yozilishicha, holat tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi va hamkor tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan.
O‘quvchilarning maktab hovlisidagi yerni ishlayotgan tasvirlari 2024 yil 19 aprel kuni 9-“B” sinf (o‘sha paytda 8-“B”sinf) o‘quvchilari texnologiya darsida “Kasbim faxrim” to‘garagi mashg‘ulotlarining “Gulchilik kasbi, issiqxona gullari va dala gullari”mavzusidagi dars doirasida o‘z xohishlari bilan ushbu mikro uchastkaga gul ekmoqchi bo‘lganlarini tushuntirish xatlarida ma’lum qilishgan.
Bundan tashqari, pedagoglarning maktab hovlisida obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanayotganliklari tasvirlangan videolavha 2024 yilning 8 avgust kuni olingani aniqlangan.
Joriy yil 7 avgust kuni 75-sonli maktabda navbatdan tashqari pedagogik kengash yig‘ilishi o‘tkazilgan va unda maktab direktori tomonidan obodonlashtirish ishlarida xodimlarning yordam berishi taklifi kiritilgan.
Obodonlashtirish ishlarida maktabdagi 50 nafar o‘qituvchidan 12 nafari o‘z xohishlariga ko‘ra ishtirok etgan.
“Ayni paytda holatni tasvirga olib g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqaroni aniqlash va unga qonun doirasida choralar ko‘rish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi raddiyada.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Buxoro viloyatida maktab direktori o‘qituvchilarni majburiy ovoz yig‘ishga jalb qilgani uchun BHMning 100 barobari miqdorida jarimaga solingani haqida xabar bergan edik.