Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi 14-maktabda Soliq inspeksiyasi xodimi 2-sinf o‘quvchilaridan soliqlarni to‘lab qo‘yishni talab qilgani haqida video tarqaldi.
“Biz Nishon tuman soliq inspeksiyasidan kelyapmiz. Sizlarga eslatma bu. Hammangiz ota-onangizga olib borasiz. Yashab turgan joyingizning mol-mulk va yer soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib, yoki telefonda soliq ilovasidan to‘lashlari kerak.
Shuni iltimos qilasizlar. Uy kimning nomida bo‘lsa, borib, hisoblab to‘laydi”, deydi xodim.
Soliq inspeksiyasi xodimlari kimning ruxsati bilan ta’lim muassasasiga kiritilgani, xodimlar soliqlarni yig‘ish uchun nima sababdan aynan bolalardan foydalanayotgani hozircha noma’lum.
Davlat soliq qo‘mitasi Mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, ushbu jarayonlarni noo‘rin xatti-harakat va keskin qoralashini ma’lum qildi. Shuningdek, munosabatda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanishi ham bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Milliy gvardiya hamkorligi doirasida har bir maktabga qorovullar biriktirilib, ular maktabga begona shaxslarning kirib-chiqishini ham nazorat qilayotgandi.