Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev poytaxtda yangi maktab va bog‘chalar qurish, mavjud ta’lim muassasalarini kengaytirish hamda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi. Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha respublika va mahalliy budjetlar hisobidan jami 126 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bogʻchalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga koʻra, aholi uchun zarur savdo va maishiy xizmatlar, taʼlim va tibbiyot muassasalari, dam olish hamda sport maskanlari odamlarga qulay masofada joylashtiriladi.
Qayd etilishicha, hududda yashil maydonlarni kengaytirish, uch kilometrlik sayr yoʻlagini tashkil etish, bolalar va sport maydonchalarini yangilash, koʻp tarmoqli sport inshootini barpo etish rejalashtirilgan. Mavjud maktablarni kengaytirish hisobiga 2 mingta qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratish, 540 oʻringa moʻljallangan 4 ta bogʻcha va uchta poliklinika tashkil etish ham nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, poytaxtda aholi soni oʻsishi bilan oʻquvchi oʻrinlari tanqisligi ortib borayotgani ma’lum qilingan. 2025-2026-oʻquv yilida u 141 mingtani tashkil etgan boʻlsa, keyingi besh yilda oʻquvchilar soni 71 mingtaga (14 foiz) koʻpayishi hisobiga 2030-2031-oʻquv yiliga borib, 212 mingtaga yetishi mumkin.
Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy budjet hisobidan 78 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Natijada maktablarning yuklamasi hozirgi 1,4 koeffitsiyentdan 2030-yilda 1,2 gacha pasayadi.
2026-2027-oʻquv yili uchun umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metr boʻlgan, jami 38 ming oʻrinli 24 ta yangi maktabning loyihalari tayyorlangan.
Maktablarning amaldagi namunaviy loyihalariga 17 ta yangi imkoniyat qoʻshilmoqda. Jumladan, qoʻshimcha oʻquv maydonlari, kutubxona, sport va madaniyat tadbirlari uchun moslashuvchan zallar, oʻqituvchilar uchun qulay xonalar koʻzda tutilgan. Loyihalarda pandus va liftlar, inklyuziv taʼlim xonalari, tibbiy xonalar, xavfsizlik hamda energiya tejamkorlik yechimlari ham nazarda tutilgan.
Xususiy taʼlim markazlarining davlat maktablari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyiladi. Bu oʻquvchilarning maktabning oʻzida oliygohlarga tayyorlanishi va yangi tillarni oʻrganishi uchun sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida 3-7 yoshli bolalar soni 253 mingtani tashkil etadi. Ularning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi 79,2 foiz, bogʻchalardagi oʻrinlar tanqisligi esa 65 mingta. Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 8 mingta, mahalliy budjet hisobidan 32 mingta qoʻshimcha bogʻcha oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda.
Natijada 2030-yilda qamrov 92 foizga yetkaziladi. 2026-2027-oʻquv yili uchun esa umumiy maydoni 32 ming kvadrat metr boʻlgan, jami 16 ming oʻrinli 28 ta yangi bogʻchaning besh turdagi loyihalari tayyorlangan.
Bogʻchalarning namunaviy loyihasiga bolalar rivojlanishi va salomatligiga xizmat qiluvchi 14 ta yangi yechim kiritilmoqda. Ularda sensor va logoped xonalari, psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish joylari, tibbiy blok, turli mashgʻulotlarga moslashtiriladigan zallar boʻladi. Bolalar xavfsizligi uchun videokuzatuv va jarohatdan himoyalovchi qoplamalar, qulay muhit yaratish uchun havo tozalagichlar, shuningdek, energiya tejamkor yoritish va quyosh panellari koʻzda tutilgan. Bu orqali namunaviy loyihalar samaradorligi 38 foizga oshiriladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga taqdim etilgan loyihalarni aholi ehtiyojlari va shaharsozlik talablari asosida yanada puxta ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berdi.

