8-sinf o‘quvchisi TikTok va YouTube’dagi qisqa videolarning bolalar diqqatiga ta’sirini o‘rganuvchi loyiha ishlab chiqdi

8-sinf o‘quvchisi TikTok va YouTube’dagi qisqa videolarning bolalar diqqatiga ta’sirini o‘rganuvchi loyiha ishlab chiqdi

Qozog‘istonlik 8-sinf o‘quvchisi TikTok va YouTube’dagi qisqa videolarning bolalar diqqatiga ta’sirini o‘rganuvchi neyroloyiha ishlab chiqdi. Bu haqda shahar hokimligining rasmiy sayti xabar berdi.

 

Qozog‘istonning Ostona shahridagi G‘afu Kayirbekov nomidagi 2-sonli maktab-gimnaziyaning 8-sinf o‘quvchisi Setqazi Miras TikTok va YouTube platformalaridagi qisqa videolarning bolalar diqqatiga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan neyroloyiha ishlab chiqdi.

 

Loyihaning maqsadi qisqa videolarni tomosha qilishga sarflanadigan vaqt bilan diqqatning barqarorligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tajriba orqali aniqlashdan iborat.

 

Tadqiqot davomida o‘quvchilarning ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqti tahlil qilinadi va ular o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi. Shuningdek, diqqatni jamlash tezligi, barqarorligi va aniqligini baholash uchun Shulte jadvallari hamda Burdon korrektura sinovidan foydalaniladi.

 

Loyiha doirasida qisqa videolarni tomosha qilishdan oldingi va keyingi natijalar taqqoslanadi. Shuningdek, miyaning mukofot tizimi va dofaminning roli ham o‘rganiladi.

 

Qayd etilishicha, o‘quvchi tadqiqot natijalarini ilmiy jihatdan asoslashga alohida e’tibor qaratmoqda va sabab-oqibat bog‘liqliklarini bo‘rttirib ko‘rsatishdan saqlanmoqda. Loyihaning amaliy natijasi sifatida raqamli gigiyena qoidalarini ishlab chiqish, eslatma va axborot bukletini tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Ushbu materiallar o‘quvchilarga ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini ongli ravishda boshqarish va dars paytida diqqatini jamlashga yordam beradi.

 

Loyihaning asosiy maqsadi — smartfonlardan butunlay voz kechish emas, balki raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va bolalarda diqqatni jamlash qobiliyatini rivojlantirishdan iborat.

 

Avvalroq, qozog‘istonlik talaba hosilni avtomatik saralovchi qurilma ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.