Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi umumtaʼlim maktablaridan birining 9-sinf oʻquvchisi 4 ta fandan milliy sertifikatni qoʻlga kiritdi.
Fargʻonalik 9-sinf bitiruvchisi Hikmatillo Dadajonov ingliz tili (B2), matematika (C), tarix (C+) va ona tili (B+) fanlaridan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. U oʻz ustida ishlash va intiluvchanligi bilan koʻplab tengdoshlariga oʻrnak boʻladigan natija koʻrsatgan.
Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, u fanlarga umumiy hisobda uch yil davomida tayyorgarlik koʻrgan. Sertifikat olish fikri esa 8-sinfligida paydo boʻlgan va bir yil ichida 4 fandan sertifikat olishga erishgan.
Hikmatillo kun tartibini belgilab olgani va bunga har kuni amal qilishi aytib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, kuniga deyarli bir soat boʻsh vaqti boʻladi, qolgan paytlar faqat maktab va imtihonga tayyorgarlik bilan oʻtadi. U har kuni 4-5 soatlab intensiv dars qilgan. Imtihonga tayyorgarlik oldidan har kuni qoʻshimcha testlar ishlagan, “mock” imtihonlarga borib turgan.
Oʻz kuchi va mehnati bilan yuqori natijalarga erishgan Hikmatillo oldiga katta maqsadlar qoʻyganini taʼkidlab oʻtdi. U hozircha Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olishni rejalashtirgan. Shuning bilan birga, IELTS imtihonini topshirib, dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri — Garvard universitetida oʻqishni ham maqsad qilgan.
Oʻquvchining kelgusidagi oʻqish va ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.
Avvalroq, 7-sinf o’quvchisi ingliz tilida C1 natijani qo’lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
