Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 74-maktabning 7- sinfida tahsil olayotgan 13 yoshli Ortikmirzayev Jahongirmirzo IELTSʼdan 7 ballni qoʻlga kiritdi. U ingliz tilini oʻrganishni 2-sinfligida oʻz xohishi bilan boshlagan.
Jahongirmirzoning onasining soʻzlariga koʻra, u ingliz tilini oʻrganishga juda erta qiziqa boshlagan. 2-sinfdanoq ingliz tilini oʻrganishni boshlashga qaror qilgan va 12 yoshida IELTSʼdan 7 natijani qoʻlga kiritgan.
Tayyorgarlik jarayonida u faqat dars yoki mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmagan. Ijtimoiy tarmoqlardan ham ingliz tilini rivojlantirish uchun foydalangan. Xususan, ingliz tilidagi turli videolarni koʻrgan, ulardagi soʻz va gaplarga eʼtibor berib, eshitib tushunish va soʻz boyligini oshirishga harakat qilgan.
Jahongirmirzo til oʻrganishda ijtimoiy tarmoqlardan ham unumli foydalangan. Uning fikricha, toʻgʻri tanlangan video va boshqa materiallar til oʻrganishda qoʻshimcha vosita boʻla oladi.
Uning IELTS imtihoni uchun qoʻshimcha shugʻullanishi maktabdagi darslarni oʻzlashtirishiga jiddiy taʼsir qilmagan. U maktab fanlarini ham teng ravishda davom ettirganini aytib oʻtdi.
Tayyorgarlik davomida Jahongirmirzo turli metodlardan foydalanib koʻrgan. Uning aytishicha, sinab koʻrgan usullarining barchasi maʼlum darajada foyda bergan. Shu sababli u oʻziga mos keladigan usullar orqali mashgʻulotlarni davom ettirgan. Tayyorgarlik jarayonida oʻqishni butunlay tashlab qoʻyish yoki oʻqishdan butunlay zerikish kabi holatlar boʻlmagan.
Ingliz tilini oʻrganishida oilasining qoʻllab-quvvatlashi ham muhim oʻrin tutgan. Jumladan, Jahongirmirzoning otasi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida professor boʻlib ishlaydi va ingliz tilini yaxshi biladi. Shu sababli u oʻgʻliga ingliz tilini oʻrganishda yordam bergan, tushunmagan mavzularini izohlab bergan va tayyorgarlik jarayonida qoʻllab-quvvatlagan.
Jahongirmirzo 2-sinfligidayoq dunyoning Top-10 universitetlaridan biriga oʻqishga kirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Hozirgi tayyorgarliklarini ham shu uzoq muddatli maqsad bilan bogʻlaydi.
Oʻquvchining taʼkidlashicha, u eng koʻpi bilan uch soat uzluksiz shugʻullangan. Bunda asosiy eʼtibor uzoq vaqt oʻqishdan koʻra, muntazam ravishda bilim olishga qaratilgan. U oʻz tajribasidan kelib chiqib, tengdoshlariga ham oʻqishni ertaroq boshlashni tavsiya qiladi.
Jahongirmirzoning kelgusidagi oʻqish va ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.
Avvalroq, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi 8-sonli maktabning 6-sinf bitiruvchisi Jamoliddinov Muhammadrizo IELTS’dan 7,5 ballik sertifikatni olgani haqida xabar bergan edik.
