Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachi yordamchisi lavozimini qo‘shish hamda “Huquq bo‘yicha professor-o‘qituvchi” lavozimi nomini “Huquqshunoslik bo‘yicha professor-o‘qituvchi” tarzida o‘zgartirish taklif qilinmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Muhokamalar portaliga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, vazirliklarning 2026-yil iyun oyidagi qarori bilan tasdiqlangan Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, ro‘yxatdagi 30-pozitsiyani yangi tahrirda bayon etish taklif qilinmoqda.
Unga ko‘ra, amaldagi “Huquq bo‘yicha professor-o‘qituvchi” lavozimi nomini “Huquqshunoslik bo‘yicha professor-o‘qituvchi” tarzida o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ro‘yxatga “Maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi yordamchisi” lavozimini kiritish ko‘zda tutilgan.
Bunda tarbiyachi yordamchisi lavozimi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, amaldagi Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxati 2026-yil 9-iyun kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, unda maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlaridagi 465 ta lavozim belgilangan.
Qaror loyihasining muhokamasi 8-sentyabrgacha davom etadi.
