O‘qishga qabul qilingan abituriyentlar va talabalar kontrakt to’lovini amalga oshirishi uchun kontrakt.edu.uz platformasida onlayn ariza beradi. Shartnomani rasmiylashtirishda «Ikki tomonlama» va «Uch tomonlama» bandlari bo‘yicha tahririyatimizga ko’plab savollar kelib tushganligi sababli ularning asosiy farqlari va qaysi holatda qaysi birini tanlash kerakligini quyidagi maqolada tushuntirib o’tdik.
Ikki tomonlama shartnomami yoki uch tomonlama: qaysi birini tanlash kerak?
Talabalar to’lov-kontrakt olish maqsadida kontrakt.edu.uz sayti orqali onlayn ariza berayotganda «Shartnoma turini tanlash» degan band kelib chiqadi. Bunda yoki ikki tomonlama yoki uch tomonlama shartnomani tanlash talab etiladi.
Ikki tomonlama shartnoma — bu OTM va abituriyent o‘rtasida tuziladi. Agar kontrakt yoki super-kontrakt pulini abituriyent o‘zi hisobidan to‘lamoqchi bo‘lsa, shu bandni tanlash kerak.
Ya’ni, abituriyent kontrakt to‘lovini o‘zining shaxsiy mablag‘i, ota-onasining oylik maoshidan to’lasa yoki bankdan ta’lim krediti olmoqchi bo‘lsa, bunday holatlarda ikki tomonlama shartnoma turi tanlanadi.
Uch tomonlama shartnoma — bu OTM, abituriyent va yana biror homiy tashkilot o‘rtasida tuziladi. Agar kontrakt yoki super-kontrakt pulini abituriyentning o‘zi emas, balki biror homiy tashkilot to‘lamoqchi bo‘lsa, bunday holatda uch tomonlama shartnoma degan bandni tanlash kerak. Uch tomonlama tanlanganda o‘sha homiy korxonaning STIR raqamlari shartnomaga kiritilishi talab etiladi.
Eslatma! Talabalarga bir yillik kontrakt to’lovini 4 qismga bo’lib to’lash imkoniyati beriladi. Dastlabki 25 foiz to’lov 1-oktyabrgacha to’lanishi talab etiladi.
