Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev joriy yilda 60-100 ballar bilan nechta yo‘nalishga o‘qishga kirish mumkin bo‘lganiga aniqlik kiritdi.
“O‘qishga kirish qiyin yoki osonligini ko‘rsatuvchi eng yaxshi ko‘rsatkich, bu o‘tish ballarini tahlil qilishdir.
Menga doim qiziq bo‘lgan, masalan, 100 ball olgan abituriyent qayerlarga o‘qishga kira oladi? Nechta joyga bali yetgan bo‘lardi?
Yuqoridagi jadvalda davlat granti uchun 4 ming 256 ta, to‘lov-kontrakt uchun esa kunduzgi ta’limda 3 ming 215 ta, sirtqida 1 ming 458 ta, kechkida 285 ta va masofaviyda 80 ta yo‘nalishlardagi 2024-yilgi o‘tish ballarining tahlili aks etgan.
Davlat granti bo‘yicha
Davlat granti misolida ko‘radigan bo‘lsak, 100 ball olgan abituriyentlar 1 ming 532 ta yo‘nalishga grantga kira olgan. Bu umumiy yo‘nalishlarning 36% ini tashkil qiladi.
Joriy yilda 70 ball bilan 570 ta (13,4%) yo‘nalishga davlat grantiga kirish mumkin bo‘ldi.
150 ball olganlar esa 70 foiz grantga kirdi, degani bo‘lgan. Faqat to‘g‘ri yo‘nalish tanlay olgan bo‘lsa bo‘ldi.
To‘lov-kontrakt bo‘yicha
Kontraktda esa kirish ballari ancha past. Masalan, atigi 80 ball bilan kunduzgi ta’limning 56 foiz yo‘nalishiga, sirtqida 72%, kechkida 60%, masofaviyda esa 96% yo‘nalishga kontraktga o‘qishga kirsa bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i 80 ball to‘plasa yetadi.
Yoki 60 ball bilan barcha ta’lim shakllarini qo‘shganda 1 ming 466 ta yo‘nalishga kontraktga kirish mumkin edi.
100 ball to‘plasangiz-ku, kontraktga kirish ehtimolingiz juda yuqori bo‘lgan. Masalan, kunduzgida 2 ming 286 ta (71%), sirtqida 1 ming 274 ta (87%) yo‘nalishga o‘tish ballari 100 dan past bo‘lgan.
Albatta, bu umumlashtirilgan natijalar. Ayrim talabgir yo‘nalishlarda kirish ballari yuqori bo‘lganini bilaman. Lekin unaqalar soni juda kam bo‘lgan.
Umumiy holat shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘qishga kirish juda oson, faqat to‘g‘ri yo‘nalish tanlay olishga ham ko‘p narsa bog‘liq. Boshqacha aytganda, yoki orzu qilingan o‘ta nufuzli yo‘nalishga kirish uchun yetarli darajada o‘qish kerak, yoki to‘plangan ballga yarasha yo‘nalish tanlash kerak”, – deydi u o‘z postida.