Xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha maxsus sinovlarda o‘tish balini to‘play olmagan talabalar qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni ko‘chirishlari mumkin.
2026-yil 19–20-avgust kunlari xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish istagidagi talabalar uchun maxsus test sinovlari o‘tkazildi. Bugun ushbu sinovlarning natijalari e’lon qilindi.
Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-sonli qaroriga ko‘ra, sinov natijalarga asosan o‘tish baliga teng yoki undan yuqori ball to‘plagan talabalar o‘qishini tegishli ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt asosida ko‘chirishlari mumkin.
O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar esa arizasiga ko‘ra qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirish imkoniyatiga ega.
Bunda ballari bakalavriatga kirish uchun belgilangan minimal balldan kam bo‘lmagan va o‘tish baliga 4 ballgacha yetmagan talabalar uchun qo‘shimcha to‘lov-kontrakt miqdori quyidagicha belgilanadi:
- 1,05 ballgacha yetmaganlar — bazaviy kontraktning 1,5 baravari;
- 1,05–2,05 ballgacha yetmaganlar — 2,0 baravari;
- 2,05–3,05 ballgacha yetmaganlar — 2,5 baravari;
- 3,05–4,05 ballgacha yetmaganlar — 3,0 baravari.
Shuningdek, minimal balldan kam bo‘lmagan, biroq o‘tish baliga 4 balldan ortiq yetmagan va o‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan talabalar ham tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishlari mumkin.
Buning uchun birinchi o‘quv yili uchun belgilangan to‘lov-kontrakt summasining kamida 50 foizi to‘lanishi lozim. Shundan so‘ng talaba OTM rektori yoki direktori buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
Avvalroq, vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida xabar bergan edik.
