2026-yilning birinchi yarmida 343 mingdan ortiq pedagog “Metodik marafon”da qatnashdi

2026-yilning birinchi yarmida 343 mingdan ortiq pedagog “Metodik marafon”da qatnashdi

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar natijalarini maʼlum qildi. Unga koʻra, yanvar va iyun oylarida oʻtkazilgan “Metodik marafon” tadbirlarida 343 mingdan ortiq pedagog qamrab olinib, minglab mahorat darslari tashkil etilgan.

 

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing oʻtkazildi.

 

Unda taʼlim sifati va mazmunini takomillashtirish, oʻquv dasturlarini yangilash, taʼlimni raqamlashtirish, pedagoglarni metodik qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro baholash tadqiqotlari boʻyicha amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida maʼlumot berildi.

 

Maʼlum qilinishicha, Taʼlim tizimining normativ-huquqiy va metodik asoslarini mustahkamlash yoʻnalishida 7 ta meʼyoriy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, “Taʼlimda sunʼiy intellektni rivojlantirish konsepsiyasi”, “Yagona taʼlim ekotizimi” hamda umumiy oʻrta taʼlimda baholash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqilgan.

 

Oʻquv dasturlarini yangilash doirasida matematika, tabiiy fanlar, kimyo, informatika va musiqa fanlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlari loyihalari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, 60 dan ortiq darslik va oʻquv-metodik majmualar muhokamadan oʻtkazilib, amaliyotga 210 ta metodik tavsiya va dars ishlanmalari joriy etilgan.

 

Boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun PIRLS xalqaro tadqiqoti formati asosida 8 ta mashq daftari, shuningdek, “Taʼlimda sunʼiy intellektdan foydalanish etikasi” kabi oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ham ishlab chiqilgan.

 

Brifingda pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, joriy yilning yanvar va iyun oylarida tashkil etilgan “Metodik marafon” tadbirlarida respublika boʻyicha 343 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etgan. Ular uchun 4,6 mingdan ortiq mahorat darslari tashkil etilgan.

 

Shuningdek, “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” doirasida oʻtkazilgan 12 ta “Meetup” uchrashuvlarida 5,2 ming nafardan ortiq pedagog qamrab olingan.

 

Xalqaro baholash tadqiqotlari doirasida esa 2026-yil aprel—may oylarida respublikaning 164 ta maktabida PIRLS-2026 xalqaro tadqiqotining asosiy sinov bosqichi oʻtkazilgan. Bundan tashqari, may oyida 27 ta maktabda TIMSS-2027 tadqiqotining tajriba-sinov jarayonlari tashkil etilgan.

 

Brifingda taʼkidlanishicha, hisobot davrida elektron platformalar orqali fuqarolarning oʻzbek tilini bilish darajasi hamda taʼlimda sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha 14,1 ming nafardan ortiq ishtirokchini qamrab olgan ijtimoiy soʻrovnomalar ham oʻtkazilgan.

 

Bundan tashqari, markaz UNICEF, Qozogʻistonning “Orleu” markazi, Koreyaning Kukmin universiteti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirib, yangi memorandumlarni imzolagan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish