Joriy yilning 16-avgust kuni Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo’limi boshlig’ining xizmat xonasida noma’lum shaxs tomonidan fayl papka ichida 5000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘ini qoldirib ketilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Holat bo‘yicha zudlik bilan viloyat boshqarma boshlig‘i va boshqa mas’ul xodimlar guvohligida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilgan.
“Mavjud vaziyat Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning shaxsan nazoratiga olindi hamda holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rnatilgan tartibda xabardor qilindi. Ayni vaqtda zarur surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, – deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo’limi boshlig’i Nazokat Urazova halolligi uchun vazirning tegishli buyrug’i asosida lavozim maoshining 3 barobari miqdorida moddiy rag’batlantirildi.