Toshkentdagi bog‘chada egizaklar zo‘ravonlikka uchragani haqidagi xabarlar ortidan munosabat bildirildi

Toshkentdagi bog‘chada egizaklar zo‘ravonlikka uchragani haqidagi xabarlar ortidan munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan egizak bolalardan biri komaga tushgani, ikkinchisi esa jarohat olgani haqidagi xabarlar ortidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan ikki nafar bola zo‘ravonlikka uchragani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Xabarda keltirilishicha, egizak farzandlarini mazkur bog‘chaga yuborgan ona farzandlaridan biri bog‘chada ahvoli og‘irlashib, shifoxonaga yotqizilgani va uch kun komada bo‘lgani, ikkinchi farzandi esa ko‘zidan jarohat olgan holda uyga qaytganini bildirgan. Onaning aytishicha, har ikki holatda ham voqeaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan videokuzatuv kameralari yozuvlari taqdim etilmagan.

 

Shuningdek, xabarda ona bog‘cha ma’muriyati va mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgani, biroq holat yuzasidan yetarlicha izoh ololmaganini ta’kidlagan. U bog‘chalardagi videokuzatuv tizimlari ota-onalarning farzandlari xavfsizligini ta’minlash va bunday holatlarga aniqlik kiritishga xizmat qilishi kerakligini qayd etgan.

 

Mazkur xabarlar ortidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Boshqarma ma’lum qilishicha, boshqarma boshlig’ining tegishli buyrug‘i asosida ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan va ayni paytda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirilayotgani, voqeaning barcha holatlariga xolisona baho berish hamda unga to‘liq aniqlik kiritish maqsadida tegishli ekspertizalar tayinlangani bildirildi.

 

Boshqarma xabarida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tekshiruv yakuniga qadar tasdiqlanmagan yoki biryoqlama ma’lumotlarni tarqatmaslikni, shuningdek, pedagoglarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xulosalarni bildirmaslikni so‘ralgan.

 

«Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holatni alohida nazoratga olgan bo’lib, xizmat tekshiruvi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan surishtiruv natijalari yuzasidan qo’shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi» — deydi rasmiylar.

 

Avvalroq, Toshkentda bolalarga zoʻravonlik qilingan xususiy bogʻchaning litsenziyasi bekor qilingan edi.