Yoshlarga sport va cholg‘u asboblari uchun subsidiya ajratiladi. Kimlar murojaat qilishi mumkin?

Yoshlarga sport va cholg‘u asboblari uchun subsidiya ajratiladi. Kimlar murojaat qilishi mumkin?

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida sport va musiqa anjomlarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi. Arizalar my.gov.uz portali orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida sport formasi, sport inventarlari hamda musiqa cholgʻu asboblarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi.

 

Mazkur subsidiya uchun “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar yoki ularning ota-onalari my.gov.uz portali orqali onlayn ariza topshirishi mumkin.

 

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi sport seksiyasi yoki sanʼat va musiqa toʻgaragiga kamida 6 oy davomida muntazam qatnashgan boʻlishi hamda buni tasdiqlovchi maʼlumotnomaga ega boʻlishi lozim.

 

Davlat subsidiyasi bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravarigacha miqdorda ajratiladi. Arizalar “Mahalla yettiligi” tomonidan 5 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

 

Ariza topshirish uchun my.gov.uz portalidagi “Maxsus sport formasi, inventar, musiqa hamda cholgʻu asboblarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish” xizmati tanlanadi. Soʻng zarur maʼlumotlar toʻldirilib, toʻgarakka kamida 6 oy davomida qatnashilganini tasdiqlovchi maʼlumotnoma ilova qilinadi.

 

Ariza yuborilgach, uning holatini shaxsiy kabinet orqali kuzatish mumkin.

 

Avvalroq, iqtidorli yoshlarga ayrim oʻquv kurslari uchun subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.