2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 23-iyulda yakunlanadi. Shundan so‘ng abituriyentlar tanlov bosqichida ishtirok etadi, mandat natijalari esa amaldagi jadvalga ko‘ra 17-avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. Natijadan norozi bo‘lgan abituriyentlar esa 10 kun ichida apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
2026/2027-o‘quv yili qabuli uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul jarayoni ikki bosqichda — avval test sinovlari, so‘ng esa tanlov asosida amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yilgi test sinovlari 14–23-iyul kunlari o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, taxminan 25-iyuldan 8-avgustgacha abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllarini tanlaydi. Ushbu muddatlar o‘zgarishi mumkin.
Tanlov bosqichi yakunlangach, 8–17-avgust kunlari yakuniy mandatni shakllantirish ishlari olib boriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, 17-avgust kuni mandat natijalari e’lon qilinishi kutilmoqda.
2025/2026-o‘quv yili qabuli bo‘yicha mandat natijalari 13-avgust kuni e’lon qilingan edi. Shu sababli joriy yilda ham natijalar belgilangan muddatdan oldinroq e’lon qilinishi ehtimoli mavjud.
Mandat natijalari e’lon qilingach, 18–27-avgust kunlari oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar texnikumlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Apellyatsiya qanday beriladi?
Test sinovlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar yakuniy tanlov natijalari e’lon qilingan kunning ertasidan boshlab 10 kun ichida my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini yuborishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyati bergan abituriyentga apellyatsiya kuni va vaqti haqida xabarnoma yuboriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.
Shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari kitobi va apellyatsion karta beriladi. Abituriyent ushbu hujjatlar asosida e’tiroz bildirayotgan savollar bo‘yicha o‘z fikrini yozma ravishda bayon qilib, barcha test materiallari bilan birga komissiyaga topshiradi.
Apellyatsiya komissiyasi murojaatni faqat abituriyent ishtirokida va uning yozma izohi asosida ko‘rib chiqadi. Agar e’tirozlar o‘z tasdig‘ini topmasa, test natijalari o‘zgarishsiz qoldiriladi hamda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Quyidagi holatlarda apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi:
- javoblar varaqasi yoki test kitobi Bilim va malakalarni baholash agentligiga belgilangan tartibda yetkazilmagan bo‘lsa;
- javoblar varaqasi yirtilgan bo‘lsa;
- abituriyent test sinovidan chetlashtirilgan bo‘lsa;
- abituriyent o‘z e’tirozlarini yozma ravishda bayon qilmagan bo‘lsa.
Apellyatsiya komissiyasi qarori to‘g‘risidagi ma’lumot apellyatsiya jarayoni yakunlanganidan so‘ng 5 ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Abituriyent apellyatsiya komissiyasining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
Avvalroq, belgilangan vaqtdan kech qolgan abituriyentlar uchun qayta imtihon o‘tkazilmasligi haqida xabar bergan edik.
