Davlat imtihoniga uzrli sababga ko‘ra kechikib qoldim, kech qolganlar uchun qayta test sinovi o‘tkaziladimi, degan mazmundagi savollar tahririyatimizga bir necha marotaba kelib tushdi.
Afsuski, imtihonga kechikkanlar uchun qayta test sinovlari o‘tkazilmaydi. Ularga ushbu qabul uchun boshqa imkoniyat berilmaydi.
Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, ko‘rsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyentlarga boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.
Abituriyentlar uchun imtihon jarayonida ham bir qancha muhim qoidalar mavjud.
Test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning quyidagi tartib va qoidalarga amal qilmagan holatlari aniqlansa, abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi:
- Test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilganda, olib kirganda yoki ulardan test sinovlari davomida foydalanganda;
- test materiallarini boshqa abituriyentga uzatganda yoki ularga yordam berganda;
- test materiallarini binodan tashqariga olib chiqqanda;
- test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtganda;
- test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortganda.
Xabaringiz bor, ayni vaqtda 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda. Bilim va malakalarni baholash agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar 72 nafar abituriyent tartib-qoidani buzgani uchun test jarayonlaridan chetlatildi.
- 1-kun (14-iyul) — 7 nafar;
- 2-kun (15-iyul) — 4 nafar;
- 3-kun (16-iyul) — 7 nafar;
- 4-kun (17-iyul) — 25 nafar;
- 5-kun (18-iyul) — 7 nafar;
- 6-kun (19-iyul) — 13 nafar;
- 7-kun (20-iyul) — 5 nafar;
- 8-kun (21-iyul) — 4 nafar.
Avvalroq, davlat oliygohlarida yana 11 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochilishi haqida ma’lum qilgan edik.
