Ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar uchun foyda solig‘ini 0 foiz stavkada to‘lash imtiyozi mavjud. Buning uchun tashkilot daromadining asosiy qismi aynan ta’lim xizmatlari hisobidan shakllangan bo‘lishi talab etiladi.
Ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar foyda solig‘ini 0 foiz stavkada to‘lashi mumkin. Biroq buning uchun ularning yillik daromadining kamida 90 foizi aynan ta’lim xizmatlari hisobidan shakllangan bo‘lishi shart.
Soliq kodeksining 337-moddasiga ko‘ra, ijtimoiy sohada faoliyat yurituvchi soliq to‘lovchilar foyda solig‘ini 0 foiz stavkada to‘lash huquqiga ega. Kodeksning 59-moddasida esa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek test va imtihonlarni tashkil etish ijtimoiy soha faoliyati sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, mazkur soliq imtiyozi barcha ta’lim tashkilotlariga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi. Uni qo‘llash uchun tashkilotning ta’lim xizmatlaridan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 90 foizini tashkil etishi lozim. Aks holda, foyda solig‘ining 0 foizlik stavkasidan foydalanish huquqi yuzaga kelmaydi.
Masalan, ta’lim markazining bir yillik jami daromadi 2 milliard so‘m bo‘lsa, shundan kamida 1,8 milliard so‘mi ta’lim xizmatlari hisobidan olingan bo‘lishi kerak. Ana shunda tashkilot Soliq kodeksida belgilangan tartibda foyda solig‘ini 0 foiz stavkada to‘lashi mumkin.
Avvalroq, Oʻzbekistonda ta’lim xizmatlari hajmi 4 oyda 14,5 trln soʻmga yetgani haqida xabar bergan edik.
