Magistraturaga qabul uchun turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi

Magistraturaga qabul uchun turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi

2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabulda qo‘llaniladigan turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, turdosh yo‘nalishlar ro‘yxatiga kirmagan bakalavriat bitiruvchilari faqat o‘z ta’lim yo‘nalishiga mos magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tanlovda qatnashadi.

 

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026/2027-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabulda qoʻllaniladigan turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati tasdiqlandi.

 

Mazkur roʻyxat bakalavriat bitiruvchilarining qaysi magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirishi mumkinligini aniqlab beradi. Yaʼni, har bir magistratura mutaxassisligi uchun unga mos va turdosh bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari belgilangan.

 

Tasdiqlangan tartibga koʻra, respublikada belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari, shuningdek, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari ham oʻz diplomidagi taʼlim yoʻnalishi mos (muvofiq) yoki turdosh boʻlgan magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

 

Magistraturaga qabul jarayonida talabgor tamomlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishining shifri va nomi amaldagi “Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori” asosida muvofiqlashtirilib inobatga olinadi.

 

Shuningdek, diplomli mutaxassis malakasiga ega boʻlgan shaxslar ham mos va turdosh bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatidagi magistratura mutaxassisliklaridan biri boʻyicha tanlovda qatnashish huquqiga ega.

 

Roʻyxatda “Kasb taʼlimi”, “Professional taʼlim”, “Servis texnika va texnologiyasi”, “Korxonalar servisi”, “Servis”, “Xizmatlar sohasi” hamda “Xizmat koʻrsatish texnikasi va texnologiyasi” kabi taʼlim yoʻnalishlari bitiruvchilari uchun alohida tartib belgilangan. Ular oʻzlari tamomlagan soha, tarmoq, faoliyat turi, yoʻnalishi va taʼlim tiliga mos hamda turdosh magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

 

Bunda turdosh taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatiga kiritilmagan bakalavriat yoʻnalishlari bitiruvchilari faqat oʻz taʼlim yoʻnalishiga mos magistratura mutaxassisliklari boʻyicha hujjat topshirishlari mumkin.

 

Bundan tashqari, ayrim holatlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan istisnolar qoʻllanilishi mumkin. Xususan:

 

– xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari diplomlaridagi yoʻnalish (mutaxassislik)larning mosligini aniqlashda;

 

– respublika oliy taʼlim muassasalarida ayrim magistratura mutaxassisliklari mavjud boʻlmagan yoki ularga mos bakalavriat bitiruvchilari boʻlmagan hollarda;

 

– tegishli oliy taʼlim tashkilotining murojaati asosida harbiy yoki diniy oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining taʼlim yoʻnalishlari mos deb topilgan hollarda.

 

Mazkur roʻyxat magistraturaga hujjat topshirishni rejalashtirayotgan bakalavrlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, u qaysi magistratura mutaxassisliklariga tanlovda ishtirok etish mumkinligini aniqlashga xizmat qiladi.

Havola

 

Avvalroq, magistraturaning barcha ta’lim shakllari uchun qabul parametrlarining ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitish tillari kesimidagi taqsimoti eʼlon qilingan edi.