Prezident maktablariga kirishning ikkinchi bosqichida talabgorlar matematika va ingliz tili fanlaridan bilimlarini sinovdan o‘tkazadilar. Imtihon 17-iyul kuni 1-smenada bo‘lib o‘tadi, ruxsatnoma va shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kelish majburiy hisoblanadi.
Prezident maktablari imtihonlarining ikkinchi bosqichi 17-iyul kuni 1-smenada boʻlib oʻtadi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi xabar berdi.
Unga koʻra, rezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi test shaklida boʻlib, jami 130 daqiqa vaqt ajratiladi:
– matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish boʻyicha 40 ta topshiriqni bajarishga 90 daqiqa;
– ingliz tili fanidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) boʻyicha 40 ta topshiriqni bajarishga 40 daqiqa beriladi.
Eslatib oʻtamiz, talabgorlarga topshiriqlarni bajarish uchun belgilangan vaqtdan tashqari (130 daqiqa), kirish imtihonining javoblar varagʻini toʻldirish uchun qoʻshimcha vaqt berilmaydi.
Talabgorlar imtihonga ruxsatnoma va tugʻilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasi bilan kelishlari kerak.
Boshqa har qanday buyum olib kirish taqiqlanadi.
Eslatib oʻtamiz, kirish imtihonlari soat 08:00 da boshlanadi. Barcha talabgorlardan imtihon oʻtkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan oldin yetib kelishlari soʻraladi. Kirish imtihonini qayta topshirish yoki boshqa kunga koʻchirish imkoniyati mavjud emas.
Har bir talabgorning ariza.piima.uz saytiga kiritilgan telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuboriladi. Shundan soʻng, imtihon oʻtkaziladigan joy nomi va vaqti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qayd etilgan ruxsatnomani shaxsiy kabinetingiz orqali yuklab olishingiz mumkin.
Shuningdek, Toshkent viloyati oʻquvchilari uchun imtihonlar Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi.
Avvalroq, 25-iyun kuni o‘tkazilgan Prezident maktablarining 1-saralash bosqichi imtihon natijalari e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
