Navoiyda yana bir bitiruvchi Baxodirova Sabina Bobomurod qizi to‘rtta fandan sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 21-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Baxodirova Sabina Bobomurod qizi CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, matematika hamda tarix fanlaridan C+ darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ayni damda u Navoiy davlat universitetining O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabasi bo‘lishni maqsad qilgan.
Sabinaning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfga o‘tish arafasida ustozi tomonidan taklif qilingan. Dastlab oddiy tavsiya bo‘lib tuyulgan bu fikr keyinchalik uning eng katta maqsadiga aylangan.
Shundan so‘ng u vaqtni behuda sarflamasdan, har bir fan bo‘yicha aniq reja tuzib, bosqichma-bosqich tayyorgarlikni boshlagan.
Bitiruvchi o‘zbek tili va adabiyot fanidan dastlab 3 oy davomida B+ darajasini qo‘lga kiritgan bo‘lib, shundan so‘ng yana bir yarim oy davomida ustida ishlab, natijasini A darajagacha ko‘targan. Xususan, ingliz tili uchun 8 oy, tarix fani uchun 3 oy, matematika uchun esa atigi bir oy muntazam tayyorgarlik olib borgan.
“Charchagan miya bilan o‘qish foyda bermaydi”
Ko‘pchilik yuqori natijaga erishish uchun tun-u kun o‘qish kerak deb hisoblaydi. Sabina esa bunga boshqacha qaraydi.
Miya ham dam olishi kerak. Charchagan holda uzoq vaqt dars qilish samarali emas. Vaqtida dam olish keyingi mashg‘ulotlarni ancha unumli qiladi, — deydi u.
Shu sababli u uyquni ham, dam olishni ham o‘qishning muhim qismi deb biladi.
Sertifikatlar sohibasi maktabdagi vazifalarni imkon qadar dars vaqtidayoq bajarishga harakat qilgan. Natijada uyga kelgach, deyarli barcha vaqtini sertifikat imtihonlariga tayyorgarlikka bag‘ishlagan.
Ba’zan kechasi ham dars qilgan kunlari bo‘lgan. Biroq bu odat emas edi.
Uyqudan voz kechgan paytlarim bo‘lgan, ammo bunday holat har kuni takrorlanmagan. Men uchun miya dam olishi ham juda muhim edi.
Instagramsiz o‘tgan tayyorgarlik
Har bir imtihon oldidan mas’uliyatni chuqur his qilgan Sabina ba’zan kutilgan natijaga erisha olmagan paytlarini ham eslaydi.
Bunday vaziyatda inson tushkunlikka tushadi. Lekin ustozlarim, ota-onam va yaqin do‘stlarim menga doimo dalda bo‘lishgan. Men “qila olmayman” demadim. Aksincha, inson qilgan ishni inson albatta qila oladi, deb o‘zimni ruhlantirdim, — deydi bitiruvchi.
Uning fikricha, muvaffaqiyatsizlik yakun emas, balki yangi tajriba hisoblanadi.
Bugungi yoshlarning aksariyati bo‘sh vaqtining katta qismini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Sabina esa Instagram’dan umuman foydalanmaganini aytadi.
Ingliz tilini o‘rganishda lug‘atlar, matnlar va Telegram kanallaridan foydalandim. Instagram esa menda umuman bo‘lmagan.
Shu bilan birga, u telefonning o‘zi zararli degan fikrga qo‘shilmaydi.
Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Telefonni ilm olish uchun ishlatsa, uning foydasi ko‘p.
“Vazifani ustoz uchun emas, o‘zingiz uchun bajaring”
Sabinaning fikricha, ko‘plab o‘quvchilar aynan shu xatoga yo‘l qo‘yadi.
Vazifani ustoz tekshirishi uchun emas, o‘zingiz bilim olishingiz uchun bajarishingiz kerak. Shunda natija ham boshqacha bo‘ladi.
Uning aytishicha, diqqatni jamlay olish odati ham muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biridir.
Bugun Sabina talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘qishni to‘xtatgani yo‘q. Ayni paytda u jahon adabiyotlarini mutolaa qilmoqda, o‘z ustida ishlashda davom etmoqda va kelajakda olgan bilimlarini boshqalarga ulashishni maqsad qilgan.
Vaqtni to‘g‘ri taqsimlang, ijtimoiy tarmoqlardan faqat ilm olish uchun foydalaning. Eng muhimi, yiqilganingizda qayta turishni biling. Ota-ona va ustozlarning duosi esa insonni eng yuksak marralarga olib chiqadi, – deya yakunlaydi abituriyent.
Sabinani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, qashqadaryolik abituriyent qiz muddatidan avval maksimal ball to‘plab, talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
