Buxoro viloyati Kogon tumani 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabning 11- sinf oʻquvchisi Hasanova Shaxina tegishli fanlardan sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi. Oʻquvchi qiz ingliz tili (B2), ona tili va adabiyot (A), tarix (B) va matematika (C) fanlaridan sertifikatni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin 189 ball egasi boʻldi.
Shaxinaning soʻzlariga koʻra, maktabda olgan bilimlari va ustozlarining yordami imtihonga tayyorlanish jarayonida katta yordam boʻlgan.
Oʻquvchining Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga aytishicha, u sertifikatga tayyorlanish jarayonida butkul oʻzini unutgan, Hattoki, baʼzida ovqatlanishni esdan chiqarib yuborib, dars qilgan paytlari boʻlgan. Uni chalgʻitishi mumkin boʻlgan barcha narsalardan uzoqda boʻlgan.
U deyarli barcha serifikatlarni bir urinishdayoq qoʻlga kiritgan, faqat ingliz tilidan ikki marta imtihonga kirib, natijaga erishgan.
Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, unda tartib, intizom va belgilangan rejalari borligi sababli dars qilmagan yoki dars qilishni xohlamagan holatlar, vaziyatlar boʻlmagan. Oldiga qoʻygan maqsadiga erishish uchun oʻzidagi barcha resurslardan foydalangan.




