Farg‘onada yana bir bitiruvchi muddatidan avval talabalikni naqd qildi

Farg‘onada yana bir bitiruvchi muddatidan avval talabalikni naqd qildi

Farg‘onadagi maktablardan birida 11-sinf bitiruvchisi Yigitaliyev Bahodirjon Husanjon oʻgʻli kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi.

 

Fargʻona viloyati, Furqat tumani, 23-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Yigitaliyev Bahodirjon Husanjon oʻgʻli muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

 

Xususan, u CEFR B2, tarix A, o‘zbek tili va adabiyot B hamda matematika C darajali sertifikatlarni oldi.

 

O‘quvchi kelgusida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishiga kirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Bahodirda sertifikat olish gʻoyasi 8-sinfligida paydo bo‘lgan bo‘lib, bu yoʻl albatta ancha mehnat talab qilgan. Har bir fandan sertifikat olish uchun bir yarim yildan ortiq vaqt sarflagan.

 

Tayyorgarlik jarayonida asosan maktab darsliklaridan foydalangan. Jumladan, u qoʻshimcha tarzda onlayn platformalar va ma’lumotlardan ham foydalangan.

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, tayyorgarlik vaqtida esa oʻqigan ma’lumotlarini qayta-qayta takrorlagan. Natijada, fanlardan muvaffaqiyatli topshirgan.

 

Imtihonda savollar oʻziga yarasha qiyin bo‘lgan. Bahodirning fikricha, oʻqigan odamga bu muammo tugʻdirmaydi.

 

Boshqa abituriyentlar kabi maktab darslaridan keyin repetitorga borgan va hamma narsadan voz kechgan holda faqat oʻqigan.

 

Hozirda u badiiy asarlar va rus tili oʻqish bilan band.

 

Bahodirjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birida 10-sinf bitiruvchisi Palvannazirova Jasmina Madiyor qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.