Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi bogʻcha hamda Namangandagi maktabda bolalar yomgʻir ostida qolib, muassasaga kiritilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Rasmiylarga koʻra, Boʻstonliqdagi holat yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda, Namangandagi vaziyat boʻyicha esa tarqalgan xabarlarga aniqlik kiritildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi 12-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ayrim tarbiyalanuvchilarning bogʻchaga kiritilmagani va yomgʻir ostida qolgani, shuningdek, ular shifoxonaga olib borilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Unga koʻra, vaziyatni toʻliq oʻrganish maqsadida viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzildi hamda xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.
Hozirgi kunda holatning barcha holatlari va qonuniy jihatlari oʻrganilmoqda.
“Tekshiruv natijalari yakunlangach, jamoatchilikka qoʻshimcha va batafsil maʼlumot taqdim etiladi” — deyiladi rasmiy xabarda.
Shunga oʻxshash holat Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi 71-son umumtaʼlim maktabda ham yuz bergani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlum qilingan edi.
Viloyat MMTB tomonidan berilgan rasmiy xabarga koʻra, tarqalgan xabarlar oʻrganib chiqilgan.
Aniqlanishicha, mazkur kunda maktabda “Kitobsevar millat” shiori ostida “Farzandimga bir kitob” aksiyasi tashkil etilgan. Shu bilan birga, 1-navbat oʻquvchilarining dars mashgʻulotlari yakunlanib, 2-navbat oʻquvchilarining darslari boshlanish jarayoni bilan bir vaqtga toʻgʻri kelgan.
Mazkur holat hamda odatdagidan koʻproq oʻquvchi va ota-onalarning tashrifi sababli maktab binosining kirish-chiqish hududida qisqa muddatli tirbandlik yuzaga kelgan.
“Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻquvchilar yomgʻir ostida qolmaganligi maʼlum qilinadi” — deydi rasmiylar.
