Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 167 ta xususiy maktab ishga tushirilgan, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olyapti.
Ta’lim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarilgan.
Shuningdek, prezident Quvadagi 1-sonli texnikumda yo‘lga qo‘yilgan “IT-klasteri” namunasi asosida, yangi o‘quv yilidan yana 16 ta tumandagi bittadan texnikumda dasturlash, robototexnika va grafik dizayn bo‘yicha kadrlar tayyorlash boshlanishini ma’lum qildi.
Farg‘ona shahrida IT-Park universiteti, Marg‘ilonda INHA universitetining filiali ochilib, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yo‘nalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda 1 tadan texnikumda bunday kadrlar tayyorlashni boshlash topshirildi.
Har bir tumanda kamida 100 nafardan yoshlar xalqaro bozor talabiga mos raqamli ko‘nikmalarni egallaydi. Bu esa hududlarda ishsizlikni kamaytirish va yoshlarning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
