2026/2027-o‘quv yili uchun IIV Akademiyasi magistraturasiga qabul 1-apreldan 1-iyunga qadar davom etadi. Nomzodlar magistr.akadmvd.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
Qabul uchta: tashkiliy-strategik boshqaruv, tashkiliy-taktik boshqaruv, ilmiy-pedagogik faoliyat yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.
Tashkiliy-strategik boshqaruv yo‘nalishida o‘qish uchun nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasimalakasi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi diplomiga tenglashtirilgan (muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistratura, Oliy akademik kurslar yoki Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetini tamomlagan) diplom, shuningdek “podpolkovnik” maxsus unvoniga ega bo‘lishi lozim. So‘nggi 1 yil davomida yuqori rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan xodimlarning hujjatlari qabul qilinadi (bo‘lim yoki boshqarma boshliqlari, IIB rahbarlari, jazoni ijro etish muassasalari boshliqlari va boshqalar).
Tashkiliy-taktik boshqaruv yo‘nalish uchun bakalavr yoki diplomli mutaxassis darajasi hamda kamida “mayor” maxsus unvoni talab etiladi. Nomzodlar so‘nggi 1 yil davomida o‘rta va yuqori lavozimlarda faoliyat yuritayotgan bo‘lishi kerak (bosh mutaxassislar, tergovchilar, bo‘linma boshliqlari, IIB rahbar o‘rinbosarlari va boshqalar).
Ilmiy-pedagogik faoliyat yo‘nalishida esa oliy yuridik ma’lumot va kamida 2 yillik xizmat staji talab etiladi.
Hujjatlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Nomzodlardan magistr.akadmvd.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish va akademiya boshlig‘i nomiga yozilgan bildirgining imzolangan nusxasini yuklash so‘raladi.
Qabul jarayoni hujjatlarni ko‘rib chiqish, maxsus kasbiy tanlov (yozma ish va diagnostika) va yakuniy suhbat bosqichlaridan iborat.
