Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 25-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Zaripova Muborak Zubaydullo qizi 4 ta fandan milliy sertifikat qo‘lga kiritib, jami 189 ball to‘plagan holda muddatidan oldin talaba bo‘di. U ingliz tilidan B2, ona tili va adabiyot fanidan A+, matematika fanidan C+, tarix fanidan esa C darajadagi sertifikatlarga ega.
Talimxabarlari.uz muxbiri o‘quvchi bilan uning tayyorgarlik yo‘li, duch kelgan qiyinchiliklari va erishgan natijalari haqida suhbatlashdi.
“Hammasi 9-sinfda boshlangan”
Muborakning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi unda 9-sinfda paydo bo‘lgan. Aynan shu davrda u ingliz tilini o‘rganishni boshlagan va vaqt o‘tishi bilan bu maqsadga jiddiy yondashgan.
“9-sinfda ingliz tilini boshlaganman. Shu paytdan sertifikat olish fikri tug‘ilgan. Tayyorgarlik jarayoni yaxshi o‘tgan, shu vaqt ichida nafaqat bilim oldim, balki yangi tanishlar orttirdim, yaxshi xotiralar ham bo‘ldi”, — deydi u.
O‘quvchi qiz har bir fan uchun tayyorgarlik muddati turlicha bo‘lganini aytadi. Ingliz tiliga bir yil vaqt ajratgan, matematika va tarix fanlariga esa uch oydan tayyorlangan. Ona tili va adabiyot fanidan nisbatan qisqa — bir oy shug‘ullangan. Bunga sabab sifatida u bu fan bo‘yicha oldindan shakllangan bilimini keltiradi.
“Ona tilidan maktabda olimpiadalarda qatnashganman, shu bois bu fan bo‘yicha poydevorim bor edi”, — deydi Muborak.
Tayyorgarlik davomida u turli manbalardan foydalangan: tarix fanidan barcha darsliklarni o‘qib chiqqan, boshqa fanlarda esa o‘quv markaz va ustozlar bilan ishlagan.
“Chalg‘itadigan narsalardan voz kechganman”
Uning ta’kidlashicha, natijaga erishishda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muhim rol o‘ynagan. Tayyorgarlik davrida u ortiqcha mashg‘ulotlarni kamaytirib, e’tiborini asosiy maqsadiga qaratgan.
“Asosan vaqtimni o‘qishga yo‘naltirganman va o‘zimga nisbatan talabchan bo‘lishga harakat qilganman”, — deydi u.
Maktab darslari bilan tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish esa oson kechmagan. Ayrim paytlarda vaqt yetishmasligi sabab u kechasi uyg‘onib dars qilgan.
“Ba’zan kechasi soat 2 da turib dars qilardim. Boshida qiyin bo‘lgan, lekin shu orqali hammasiga ulgurishga harakat qilganman”, — deydi u.
“Stress bo‘lgan, lekin davom etganman”
Muborak tayyorgarlik jarayonida qiyinchiliklar bo‘lganini yashirmaydi. Uyqu yetishmasligi, charchoq va ba’zan kutilgan natijani bermagan testlar bo‘lgan. Uning bu haqida shunday deydi:
“Ba’zan mavzular qiyin bo‘lardi yoki test natijalari yaxshi chiqmasdi. Shunda tushkunlik bo‘ladi. Lekin maqsad bo‘lsa, baribir davom etasiz. Bu jarayonda yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim”.
Test topshirish jarayonida u oddiy, ammo samarali usuldan foydalangan: avval oson savollardan boshlash kerak, tushunmaganlarini esa oxiriga qoldirish kerak. Shu vaqtni tejaydi va xatolarni kamaytiradi.
Suhbat yakunida u tengdoshlariga oddiy, lekin muhim maslahat beradi:
“Harakatdan to‘xtamaslik kerak. Bugun bo‘lmasa ham, ertaga natija bo‘ladi”.
Shuningdek, u ta’lim tizimida yuqori sinflarda o‘quvchilarga yo‘nalish bo‘yicha chuqurroq ta’lim berilishi kerakligini ta’kidladi.
Ayni paytda Muborak o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda — u yangi til va yangi hunar o‘rganishni rejalashtirgan. Erishgan natijalari bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universtetiga hujjat topshirmoqchi.
Avvalroq 9-sinf o‘quvchisi IELTS 8.5 (C2) ballik sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
