Fargʻona viloyati Fargʻona shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab internatining 11-sinf oʻquvchisi Mahsudov Anvarxon 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba boʻldi. Qizigʻi shundaki, Anvarxon uchta fandan A va A+ natijalarni qayd etgan. Yaʼni, oʻquvchi tarix fani majburiy fan boʻlishiga qaramay, ushbu fandan A darajadagi sertifikatni olishga erishgan.
Anvarxon kimyo (A), biologiya (A+), tarix (A), ona tili (B) va matematika (C+) fanlaridan sertifikatlar olgan va muddatidan oldin tibbiyot yoʻnalishida 189 ballni qayd etdi.
Mahsudov Anvarxon kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olishni maqsad qilgan. Shu sababli u kimyo va biologiya fanlariga koʻproq eʼtibor qaratgan. Talimxabarlari.uz jurnalisti mazkur oʻquvchi bilan tayyorgarlik jarayoni, boʻlgan qiyinchiliklar va muvaffaqiyat sirlari boʻyicha suhbatlashdi.
“Sertifikat olish uchun maktabdagi ustozlarim bilan birga tayyorlandim”
Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, u ushbu sertifikatlarni olish uchun qoʻshimcha kurslarga deyarli bormagan. Unga maktab oʻqituvchilari yordam berib, imtihonga birga tayyorgarlik koʻrishgan. Anvarxonning taʼkidlashicha, u 10-sinfligidayoq biologiya, kimyo fanlaridan A va A+, ona tili va adabiyot fanidan esa B darajadagi sertifikatlarni olib boʻlgan va bunda ustozlarining mehnati katta. Shuningdek, uning oʻqituvchilaridan ham mutaxassislik fanlaridan A va A+ darajadagi sertifikatlar bor.
“Bir kunda 5-6 soatlab samarali dars qilish yaxshi natija uchun yetarli”
Anvarxon har kuni tartibli 5-6 soatlab dars qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, yaxshi natija uchun 5-6 soat toʻgʻri va samarali dars qilish yetarli. Yaʼni, bir kun 11 soat, boshqa kuni 2 soat yoki har kuni 10 soatlab dars qilinsayu, lekin vaqt toʻgʻri boshqarilmasa, bular befoyda. Har kuni oz-ozdan boʻlsa ham, davomli va toʻgʻri tartibda dars qilinsa, qisqa muddatlarda yaxshi natijalarni qayd etish mumkin.
Anvarxon suhbat davomida unga faqat matematika fani biroz qiyinlik qilgani va shu sabab shu fandan pastroq natijaga erishganini aytib oʻtdi. U deyarli barcha fanlardan eng yuqori ballni qoʻlga kiritgan, qizigʻi shundaki, tarix fani unda majburiy fan boʻlishiga qaramasdan, ushbu fandan A darajali sertifikatni qoʻlga kiritgan.
“Testga malakali ustoz bilan birga tayyorgarlik koʻrish kerak”
Anvarxon testda yaxshi natija qilishning asosiy sirlaridan biri malakali ustoz bilan birga tayyorgarlik koʻrish deb biladi. U tengqurlariga tavsiya berar ekan, hech qachon harakatdan toʻxtamaslik, testga puxta tayyorlanish bilan birgalikda, albatta< malakali ustozning “etagidan tutish” kerakligini aytib oʻtdi.
Shuningdek, uning soʻzlariga koʻra, gadjetlar insonni juda chalgʻitadi va sertifikat yoki oʻqishga kirish istagida boʻlgan yoshlar maʼlum muddat chalgʻituvchi narsalardan oʻzlarini cheklab turishni, ulardan toʻgʻri foydalana olishni bilish kerakligini taʼkidladi.
Anvarxonning keyingi ishlari va oʻqishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.
Avvalroq, Qoraqalpogʻistonlik 9-sinf oʻquvchi qiz 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan 3-yil oldin tibbiyot yoʻnalishiga talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
