‘‘Eng muhimi — diqqatni jamlash’’: toshkentlik 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘ldi

‘‘Eng muhimi — diqqatni jamlash’’: toshkentlik 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘ldi

Toshkent shahridagi 216-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Madina Meliqo‘ziyeva Abduqahhor qizi bir nechta fandan milliy sertifikatlar olib, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun zarur bo‘lgan 189 ballni muddatidan oldin to‘pladi.

 

U o‘zbek tili va adabiyot fanidan A darajada, tarix fanidan C, matematika fanidan B hamda ingliz tilidan esa IELTS C1 darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashib, tayyorgarlik jarayoni, imtihon tajribasi hamda muhim tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

 

Madina milliy sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lganini ta’kidladi.

 

“10-sinfda hammasini 0 dan boshladim. Hatto, uyqusiz tunlar ham bo‘ldi.”

 

Shundan so‘ng, u o‘z ustida jiddiy ishlay boshlagan. Ona tili uchun 4 oy, ingliz tili uchun 1 yil, matematika uchun esa atiga 2 oy vaqt ajratgan. Tarix fanidan esa 3 oy tayyorlangan.

 

Qisqa vaqt ichida u yuqori natijalarga erishgan.

 

Madina milliy sertifikat imtihonidagi savollar darajasi kutilganidan ancha murakkab bo‘lganini ta’kidladi.

 

“Savollar kutganimdan ham qiyinroq bo‘ldi.”

 

Tayyorgarlik davomida u eng muhim tamoyil sifatida bahonalarsiz va muntazam shug‘ullanishda davom etgan.

 

Uning kun tartibi esa ko‘pchiliknikidan keskin farq qiladi:

 

“Ertalab soat 4:00 da turib 7:00 gacha dars qilar edim. Kunduzi hammasiga ulgurish qiyin bo‘lgani uchun ba’zida tunda ham o‘qirdim.”

 

Har qanday muvaffaqiyat ortida qiyinchiliklar bo‘ladi. Bunday paytlarda unga eng katta tayanchonasi bo‘lgan.

 

“Ba’zida ‘‘qo‘limdan kelmasachi’’ deb tushkunlikka tushardim. Onam bilan gaplashib, doim motivatsiya olardim.”

 

Madina imtihonlarda yaxshi natijalarga erishish uchun chalg‘ituvchi narsalardan voz kechgan. Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun eng katta muammo telefon va ijtimoiy tarmoqlar ekanligi aytadi.

 

Madina esa bu borada keskin qaror qilgan:

 

“Menda Instagram, TikTok yo‘q. Faqat Telegram va YouTube bor, ulardan ham maqsadli ravishda faqat o‘qish uchun foydalanganman.”

 

Mazkur tanlov esa Madinaga diqqatini bir joyga jamlashga yordam bergan.

 

Uning fikricha, yuqori natijaning asosiy siri juda oddiy:

 

“Eng muhimi — diqqatni jamlash. Diqqat bitta joyda bo‘lishi kerak.”

 

Madina Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz filologiyasi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirgan.

 

Shuningdek, u ayni paytda IELTS imtihonidan 8.5 ball olishni maqsad qilgan holda tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Madina o‘z tajribasidan kelib chiqib, tengdoshlariga Ijtimoiy tarmoqlardan maqsadsiz ravishda foydalanishdan voz kechishni, o‘z ustida tinmasdan ishlashni hamda kuchli maqsad qo‘yishni tavsiya beradi.

 

Madinaning o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Toshkent viloyati Angren shahridagi 20-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Parizoda Fatullayeva bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritganligi haqida xabar bergan edik.